English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MIB direktori poytaxtda fuqarolar bilan sayyor qabul o‘tkazdi
15:32 / 2025-02-13

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, muammolariga huquqiy yechim topish maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori M.Egamberdiyev poytaxt aholisi uchun joylarda navbatdagi sayyor qabulini o‘tkazdi.

Uch kun davom etgan qabul kunlarida 65 nafar fuqaro hamda tashkilot vakillari Byuro rahbari tomonidan qabul qilindi.

Unda aliment, qarz va zarar summalarini undirib berish, garov mulklarini auksion savdolariga chiqarib berilishi yuzasidan, uyga kiritish hamda uydan chiqarish masalalari bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi.

Jumladan, Byuroning Chilonzor tuman bo‘limi ish yurituvidagi ijro hujjati bo‘yicha undiruvchi Z.Turdiyeva 2 nafar farzandiga aliment undirish masalasida murojaat qilgan. O‘z murojaatida qarzdor uzoq muddatdan buyon aliment pullarini to‘lamay kelayotganini bildirgan. Qarzdor qidiruvga berilgani ma’lum bo‘lib, mazkur ijro hujjati nazoratga olindi.

Shuningdek, Byuroning Yakkasaroy tuman bo‘limi ish yurituvidagi fuqarodan fuqaro foydasiga qarz undirish yuzasidan A.Abdurahmonovning murojaati ko‘rib chiqilib, qarzdorning undiruvga qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulki yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, mazkur qarz undiruvi ijro hujjati nazoratga olinib, qisqa fursatlarda qarzdorning takroran mol-mulki ko‘zdan kechirilib, undirish choralari ko‘rilishi tushuntirildi.

“Hamkorbank” ATB ishonchli vakili Sh.Abdunabiyev bank kredit qarz summalarini undirish yuzasidan ijro hujjati Byuroning Uchtepa tuman bo‘limi ish yurituvida ekani, qarzdor fuqaroning garov mulki bo‘lgan avtotransport vositasi xatlangan bo‘lsa-da, auksion savdolariga chiqarilmaganini bildirgan. Mazkur murojaat yuzasidan ijro hujjatidagi ixtiyoriy muddat tugaganidan so‘ng garov mulki auksion savdolariga chiqarilishi tushuntirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, o‘tkazilgan sayyor qabul kunlarida 65 nafar arizachidan 35 nafari aliment masalasida, 15 nafari qarz va zarar undirish masalasida, 15 nafari esa boshqa masalalarda murojaat qilgan. Shundan 20 ta murojaat joyida hal qilinib, 15 tasi qo‘shimcha o‘rganish uchun qayta ijroga qabul qilindi. Qolgan murojaatlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.

O‘zA