Xalqimizda “Mis qozonning misi chiqar, berkitganning isi chiqar” degan naql bejiz aytilmagan. Buni bugungi kunda o‘z farzandi uchun aliment to‘lamay qochib yurgan ayrim qarzdor otalarga nisbatan qo‘llasa bo‘ladi.
Namangan viloyatida aliment to‘lashni parvosiga keltirmagan ota ham berkinib, berkinib og‘iri “chevarxona”dan topildi. Fuqaro R.I. ga 2023 yildagi sudning qaroriga ko‘ra, to‘rt nafar farzandiga har oyda aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan.
Biroq, voyaga yetmaganlar bolalarini nima yeb, nima ichishini hayoliga keltirmay yuradi. Oxir oqibat unga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi qo‘llaniladi. 15 sutkalik davr ichida pushaymon bo‘lish o‘rniga, jazodan qutilishi bilan yana aliment to‘lamaslikni o‘ziga kasb qilib oladi.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining davlat ijrochi bir necha marotaba yashash xonadoniga borib top olmaydi. Unga nisbatan mahalliy qidiruv e’lon qilinadi. Olib borilgan tezkor tadbir davomida “uddaburon” ota Namangan shahridagi tikuvchilik sexida ishlayotgani aniqlandi va o‘tkazilgan tadbirda ushlandi.
Hozirda, ma’muriy qamoqdan so‘ng ham farzandi moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlagani uchun, jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi yuzasidan harakatlar olib borilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.