Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MIB: Bir oy muddat bilan olingan qarz besh oydan so‘ng egasiga qaytarildi
19:38 / 2025-02-18

Majburiy ijro byurosi Termiz shahar bo‘limi xodimlari ikki o‘rtoq o‘rtasidagi qarzdorlik bilan bog‘liq holatni hal etdi.

Davlat ijrochilari qabul qilgan ijro hujjatida Termiz shahrida yashovchi Botir Quvvatov (ism-sharif o‘zgartirildi) o‘zining yaqin do‘sti va kursdoshi Zokir Niyatovning ishonchiga kirib, undan 20 million so‘m qarz berib turishni iltimos qiladi. Ishlari hal bo‘lishi bilan tezda qaytarishni va’da beradi. Zokir do‘stining va’dasiga har doim ham amal qilavermasligini bilsa-da, notarius orqali bir oy muddatga qarz shartnomasi rasmiylashtiradi. Qarz olgan Botir do‘stini ishontirib, uning mablag‘i evaziga shaxsiy ishlarini hal etgan bo‘lsa-da, oradan oylar o‘tsa hamki qarzni qaytarishni istamadi. 

Do‘stining lafzida turmaganidan jiddiy afsuslangan Zokir nihoyat MIB Termiz shahar bo‘limiga notariusning ijro hujjatiga asosan berilgan qarzni undirib berishni so‘rab murojaat etdi. Ushbu hujjat asosida davlat ijrochisi Faxriddin Rasulov olib borgan ijro harakatlari chog‘ida qarzdorga tegishli “Cobalt” rusumli avtomashina Termiz shahridagi markaziy bozor avtoturargohidan topilib, evakuator yordamida jarima maydonchasiga olib borildi. Qarzdor o‘rtoq 15 kun o‘tib, 20 million so‘mni to‘liq qaytardi. Shuningdek, ijro yig‘imi uchun bir million so‘m va jarima maydonchasida saqlangan avtomashinasi uchun ham ortiqcha pul sarflaydigan bo‘ldi. Zokir Niyatov esa do‘stiga o‘z qo‘llari bilan qarzga bergan pulini qaytarib olish uchun besh oydan ko‘proq vaqt dili xira bo‘lib yurishiga to‘g‘ri keldi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri