Qashqadaryo viloyat Majburiy ijro byurosida “MIB portal” axborot tizimi va “UzASBO” dasturiy ta’minoti integratsiyasi bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi.
Endi Byuro tomonidan qarzdorlik bo‘yicha kelgan hujjatlar asosida belgilangan muddat ichida qarzdorlik to‘lanmasa, elektron dastur avtomatik ravishda ish haqidan ushlab qolish uchun talabnoma yuborish imkoniyati yaratildi.


Seminarda viloyat boshqarmasi va tegishli idoralar rahbarlari, bosh hisobchilar ishtirok etdi.
Tadbir davomida mutaxassislarning “MIB portal” va “UzASBO” integratsiyasi hamda dastur orqali talabnomalarni ko‘rish va ijro jarayonlari haqidagi ma’ruzalari tinglandi. Unda Byuroning “MIB portal” axborot tizimi va “UzASBO” dasturiy ta’minoti bilan integratsiya ishlari amalga oshirilganligi to‘g‘risida tushuncha berildi. Qolaversa, tashkilotlar hisobchilariga mazkur dasturiy ta’minotda Byuro davlat ijrochilari tomonidan yuborilgan talabnomalarni ko‘rish hamda chop etish, shuningdek, qarzdorlikni xodimning ish haqidan undirish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha bosqichlar birma-bir mazkur dasturda amalda bajarib ko‘rsatildi.


Shuningdek, boshqarmaning sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish bo‘limi katta inspektori A.Bo‘tayev davlat ijrochisi tomonidan yuborilgan talabnomalarning ijrosini ta’minlash muddatlari va tartibi to‘g‘risida yig‘ilish qatnashchilariga tushuncha berdi. Tashkilot hisobchisi tomonidan talabnomalarning ijrosi o‘z vaqtida asossiz ta’minlanmagan taqdirda, tashkilotning mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilishi tushuntirildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri