Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MIB: alimentdan qochib yurgan boysunlik qarzdor ota Termizda ushlandi
14:20 / 2025-08-23

Boysun tumanidagi Pasurxi mahallasida yashaydigan Anvar Sobirov (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) bir olam orzu-havas bilan oila qurgach, 20 yoshida ilk farzandi dunyoga kelganida qalbi quvonchga to‘lgan edi.

Qizalog‘i ikki oylik bo‘lganida yosh kelin-kuyovning munosabatlari o‘zgarib, oila qo‘rg‘oniga darz ketdi. Yosh ona ota uyiga qaytishga majbur bo‘ldi.

Guldek qizalog‘idan xabar olmagan, aqalli biron marta holi ne kechayapdi, deb so‘ramagan otadan sudning ijro hujjatiga asosan aliment undirish belgilandi. Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati Boysun tumani bo‘limi davlat ijrochilari qarzdor otani izlab, uyidan ham, tumanning boshqa hududlaridan ham topa olmagach, qidiruv e’lon qildi.  

Buni qarangki, tezkor qidiruv tadbirlari chog‘ida qarzdor ota Termiz shahridagi yumshoq mebel ishlab chiqaruvchi ustaxonalarning biridan topilib, farzandi uchun aliment to‘lab berish majburiyati tushuntirildi.

¬Joriy yilning 8 oyi uchun 11 million so‘mga yaqin aliment pulini to‘lamagan qochoq otaga nisbatan to‘plangan ma’muriy ish hujjatlari rasmiylashtirilib, er va xotin sudga taklif etildi,¬ deydi MIB Surxondaryo viloyati Boysun tumani bo‘limi davlat ijrochisi Bahriddin Ismoilov.¬ Masala jinoyat ishlari bo‘yicha Boysun tuman sudida ko‘rib chiqilishi belgilangach, Anvar Sobirov Termiz shahridan videokonferensiya orqali qatnashdi. Taraflar ishtirokida o‘tkazilgan sud majlisida qarzdor ota farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment pullarini to‘lashdan bosh tortib kelgani sababli unga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Sudda shuningdek, farzandlarining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotgani yana ikki nafar qarzdor ota ishi ham ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilib, tegishli chora ko‘rildi.

Sud qarori bilan tayinlangan bu jazolar farzandlarining moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlagan qochoq otalarni aliment to‘lovidan soqit etmaydi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri