Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MIB: alimentchi otalar farzandiga kitob tuhfa qilindi
16:05 / 2025-05-30

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan MIB Surxondaryo viloyat boshqarmasi “Bolalarga kitob bering!” aksiyasi tashkil etdi.

Aksiya doirasida davlat ijrochilari moddiy ta’minoti uchun aliment olayotgan oilalarning farzandlariga yangi chop etilgan kitoblar to‘plamini tuhfa qilib, ularni bolajonlar bayrami bilan tabrikladi. 

MIB Surxondaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i T.Qurbonov Termiz shahar bo‘limida bo‘lib o‘tgan tadbirda ishtirok etib, farzandlarining moddiy ta’minoti uchun aliment olayotgan onalar va ularning o‘g‘il-qizlariga kitobning inson kamolotidagi o‘rni, bilim va tarbiya olishdagi ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritdi. Mazkur aksiya ham bolajonlarning kitob bilan do‘st tutinishga intilishini kuchaytirib, ularning kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgani haqida fikr almashdi. Kitoblar jamlanmasini topshirdi.

– Bizni MIB Termiz shahar bo‘limiga taklif etib, kutilmagan sovg‘ani tuhfa qilishganidan xursand bo‘ldik, – deydi viloyat markazidagi Guliston mahallasida yashaydigan Zamira Suyunova. – O‘qituvchiman. Taqdirimdan nolimayman. Uch nafar farzandni tarbiyalayapman. Ular kitobni juda yaxshi ko‘radi. Sevib o‘qishadi. Ularning kitob bilan do‘st tutinganini ko‘rib, beixtiyor quvonaman. Kelajakda Vatan uchun munosib kadrlar bo‘lib ulg‘ayishiga ishonchim yanada ortadi. Kitoblar to‘plami bolalarim uchun bir umr yodda saqlab qoladigan tuhfa bo‘ldi. Bunday e’tibordan minnatdormiz.

Aksiya viloyat tumanlarida davom etmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri