Navro‘z umumxalq bayrami va muqaddas Ramazon oyi arafasida MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasi xayrli tashabbusni ilgari surib, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirish choralarini ko‘rmoqda.
MIB Termiz shahar bo‘limi binosida bo‘lib o‘tgan ana shunday tadbirlardan birida jamoatchilik vakillari hamkorligida amalga oshirilgan targ‘ibot-tushuntirish ishlari o‘z samarasini berdi. Suhbat chog‘ida ikkita oila yarashib, farzandlarini birgalikda tarbiyalash va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga ahd qildi.

–Oila mustahkamligi jamiyatimiz farovonligini ta’minlaydi, – deydi MIB Surxondaryo viloyat boshqarmasi katta inspektori Qobiljon Tursunov. – Shu bois ham azaldan oilaviy ajrimlarning oldini olish, farzandlarning ota-ona bag‘rida barkamol voyaga yetib, ulg‘ayishiga e’tibor qaratish millatimizga xos yuksak fazilat bo‘lib kelgan. Fayzli bayram va Ramazon hayiti arafasidagi mazkur tadbirimiz ham shunday ezgu maqsadga qaratilgan. Afsuski, oiladek muqaddas qo‘rg‘onga bilib-bilmay jiddiy darz ketkizgan ba’zi ota-onalar nikohi bekor qilinib, ularning biridan aliment undirish choralari ko‘rilmoqda. Lekin, begunoh bolaga pul mablag‘i yoki boshqa moddiy ta’minot ham ota yo ona mehrini bera olmaydi. Biroq, bu holatni arzimas bahonalar bilan ajrashgan ayrim ota-onalar qalbidan chuqur his etmay, farzandi kelajagini o‘ylamaydi.
Ayni paytda Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlarida aliment undirish bilan bog‘liq 21 mingdan ortiq ijro hujjati mavjud. Davlat ijrochilari nafaqat aliment qarzdorliklarini undirishga shuningdek, ajrashgan oilalarni yarashtirishga ham ko‘maklashmoqda. Jumladan, joriy yilning shu davrida aliment undirish bilan bog‘liq 1 ming 500 ta ijro hujjati ish yurituvdan tamomlangan. Ularning 30 dan ortig‘ida oilalar o‘zaro yarashganligi sababli ijro harakatlari to‘xtatilgan. Tadbir ishtirokchilari yarashgan oilalarni Navro‘z bayrami va muqaddas qo‘rg‘oni qayta tiklagani bilan tabriklab, ularga bahorning anvoyi gullarini tuhfa qilmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA