Sirdaryo viloyatida 2022 yilning 7 oyi davomida MIB tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda boshqarma, tuman va shahar bo‘limlari tomonidan qilingan ishlar to‘g‘risida hisobot berilib, matbuot anjumanini onlayn kuzatayotgan fuqarolar va jurnalistlarning savollariga javob berildi.
Qayd etilishicha, 144 733 ta ijro hujjati yuzasidan majburiy ijro harakatlari amalga oshirilgan bo‘lib, ijroga qaratilgan majburiy mulkiy undiruvlarning umumiy summasi 1 trln. 959 mlrd. so‘mni tashkil qiladi.
Mazkur davrda (69 988 ta) 1 trln. 206 mlrd. so‘mlik ijro hujjatlarining ijrosi ta’minlanib, (42 231 ta) 747 mlrd. so‘m mablag‘ amalda undirilgan. Shundan, davlat byudjetiga qariyb 349 mlrd. so‘m mablag‘ undirilgan.
Soliq qarzdorligini qisqartirish yuzasidan tasdiqlangan reja-grafik asosida 324 mlrd. so‘m mablag‘ amalda undirilishi ta’minlangan.
Sudlar hamda vakolatli organlarning qarorlari asosida davlat foydasiga 10,6 mlrd. so‘mlik ma’muriy va jinoiy jarimalarning amalda undirilishiga erishildi. Shundan, 3,4 mlrd. so‘mlik jarimalar yo‘l harakati xavfsizligi organlarining jarimalariga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, tijorat banklari foydasiga undiruv bilan bog‘liq (7 028 ta) 421 mlrd. so‘mlik ijro hujjatlari ijrosi ta’minlandi. Nomulkiy tusdagi fuqaroni uyga kiritish va uydan chiqarish haqidagi 102 ta, bola olib berish yoki u bilan ko‘rishtirish haqidagi 28 ta, ishga tiklash to‘g‘risidagi 15 ta ijro hujjatlari ijrosi ta’minlanib, 1 649 nafar fuqarolarning huquqlari tiklandi.
Yana bir dolzarb yo‘nalishlardan biri bo‘lgan aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha 15 305 nafar bolaning ta’minoti uchun 7 829 nafar qarzdordan davriy to‘lovlar yuzasidan ijro harakatlari olib borilmoqda.
O‘tgan davrda aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘yicha taraflarni o‘zaro yarashtirish maqsadida olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 1 557 oila qayta tiklanishiga erishildi.
Aliment undirish hamda ishsiz aliment to‘lovchilarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan tadbirlar natijasida viloyatda 432 nafar fuqaro doimiy va mavsumiy ishga joylashtirildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 24 noyabr kuni imzolangan «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni Byuro organlarining faoliyatini tartibga soluvchi va samaradorligini mustahkamlashga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi.
Ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020 yil 1 dekabrdan joriy etilgan tartibga ko‘ra soliqdan tashqari davlat foydasiga undiriladigan mablag‘lar hisobidan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga yanvar-iyul oylarida 27,6 mlrd. so‘m undirilib, 13,8 mlrd. so‘m pul mablag‘lari proporsional ravishda (4,6 mlrd. so‘mdan) o‘tkazib berilgan.
Matbuot anjumanida barcha qilingan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA