Elektr energiyasi va tabiiy gaz kundalik turmushimizda ishlatiladigan eng zarur ne’matlardan biri. Ularni isrof qilmasdan oqilona foydalanish, energiya resurslari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish iste’molchilarga tuganmas bo‘lib tuyuladigan boyliklarni tejashda muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq ayrim jismoniy va yuridik shaxslarning foydalanilgan energiya resurslari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmasligi yirik miqdordagi qarzdorlikni yuzaga keltirmoqda. Bu holat sudlarda yechim topib, qarzlar majburiy ijro byurosi organlari orqali undirilmoqda.
Sherobod tumanlararo iqtisodiy sudining ijro varaqasiga asosan Angor tumanidagi “Zamin Angor klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan“Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati foydasiga 537 million 790 ming so‘m foydalanilgan elektr energiyasidan bo‘lgan qarzni undirish belgilangangan.
Mazkur ijro hujjati MIB Angor tuman bo‘limi ish yurituviga qabul qilinib, qarzdor jamiyat rahbari ogohlantirilgan holda majburiy ijro harakatlariga kirishildi.
–Bu jarayonda qarzdor jamiyatga tegishli bo‘lgan barcha mol-mulkka taqiq qo‘yilib, bankdagi hisob raqamlariga inkasso topshiriqnomalari yuborildi,– deydi MIB Angor tuman bo‘limi davlat ijrochisi Sodiq Allanazarov.–Sud qarori talablari bajarilmagan taqdirda mol-mulklar xatlovga olinib, auksion savdolari orqali realizatsiya qilinishi haqida ogohlantirildi. Majburiy ijro harakatlari chog‘ida qarzdor iste’molchi hisob raqamlaridan elektr energiyasi uchun qarzdorlik to‘liq undirib olindi. Ijro harakatlari davrida qo‘llanilgan barcha cheklov choralari bekor qilindi.
Viloyatning boshqa hududlarida ham iste’molchilarning elektr energiyasidan paydo bo‘lgan qarzdorliklarini undirish davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri