Namanganda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar ishtirokida navbatdagi press-tur tashkil etildi.
Viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi bilan hamkorlikda uyushtirilgan tadbirda davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish va yo‘q qilish bilan bog‘liq sud qarori ijrosini ta’minlash borasida bajarilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Bunda MIB xodimlari tomonidan tadbir ishtirokchilariga sud qaroriga asosan yo‘q qilish bilan bog‘liq hujjatlar ish yurituviga kelib tushgandan so‘ng amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida bafurja to‘xtalib o‘tildi.

E’tiborlisi, tadbirning amaliy qismi sifatida, Byuroning Namangan shahri va Yangi Namangan tumani bo‘limlari ish yurituviga kelib tushgan, aylanma yo‘llar orqali yurtimizga kirib kelgan va huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan to‘xtatib qolingan 40 ming quti “Milano”, “Oris”, “Yesse exchnge” kabi tamaki, 6 dona aroq mahsuloti hamda inson organimizga kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi 2 ming 798 dona “Regapin” kapsulasi va 8 ming 820 dona pirotexnika yoqish, suvga bo‘ktirish va sindirish orqali yo‘q qilinishi jarayonlari bojxona, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati viloyat boshqarmalari vakillari guvohligida ko‘rsatildi.

– Byuroning Yangi Namangan tumani bo‘limi ish yurituviga sud qaroriga ko‘ra, yo‘q qilish bilan bog‘liq hujjatlar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash borasida tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, – deydi MIB davlat ijrochisi Sirojiddin Tursunov. – Birgina, joriy yilning o‘tgan davrida ish yurituviga kelib tushgan 54 ta ijro hujjatining 48 tasi amalda yakunlandi. Uning 15 tasi tamaki, 12 tasi esa alkogol, 21 tasi esa boshqa turdagi mahsulotlar.

Tadbir davomida jurnalist va blogerlar mavzu yuzasidan qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA