Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MIB: 325 mingdan ortiq aliment ijro ishi bo‘yicha qarzdorlarga xorijga chiqish uchun cheklov qo‘yilgan
18:04 / 2026-02-09

Konstitutsiyaning 77-moddasiga ko‘ra, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar.

Ta’kidlash joizki, aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlarining ijrosini ta’minlash bugungi kunning dolzarb yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Jamiyatimizda o‘zaro kelishmovchiliklar oqibatida ajrimlarning yildan-yilga o‘sishi aliment undirishga doir ijro hujjatlari sonining ortib ketishiga olib kelmoqda.

MIB axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2018 yilda aliment va moddiy ta’minot undiruvlari bo‘yicha jami 240 ming ijro hujjati mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 365 mingtani tashkil etgan. Keyingi 7 yil davomida ish yurituvdagi aliment bo‘yicha hujjatlar 52 foizga o‘sgan.

Byuro organlari ish yurituvida 365 mingdan ortiq aliment va moddiy ta’minot undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjatlari mavjud bo‘lib, har bir davlat ijrochisiga oyiga o‘rtacha 147 tadan shu toifadagi ijro hujjati to‘g‘ri kelmoqda. Yoki, sodda qilib aytganda, kelib tushayotgan 223 mingdan ortiq murojaatning 116 mingdan ziyodi (52 foizi) alimentga oid murojaatdir. Moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 3,1 trillion so‘mlik aliment pullari undirildi.

Qolaversa, olib borilgan tushuntirish ishlari davomida, 31,5 milliard so‘mlik 187 uy-joy, 4 milliard so‘mlik 46 avtomashina hamda 4,3 milliard so‘mlik 399 boshqa turdagi mol-mulk farzandlarning aliment pullari evaziga oldindan to‘lov sifatida berildi.

Misol uchun, Majburiy ijro byurosining Uchtepa tumani bo‘limi ish yurituvidagi qarzdor Sh.J.dan undiruvchi Sh.D. foydasiga voyaga yetmagan 4 nafar farzandi ta’minoti uchun daromadlarining yarmi miqdorida aliment undirish haqidagi ijro hujjati bo‘yicha ijro harakatlari davomida qarzdor Sh.J. voyaga yetmagan 4 nafar farzandi ta’minoti uchun to ular voyaga yetguniga qadar to‘lanadigan aliment miqdorini hisoblab berishni so‘ragan. Hisob-kitoblardan so‘ng aliment miqdori 2 milliard  442 million so‘m bo‘lishi aniqlangan.

Qarzdor Sh.J. aliment pullarini undiruvchi Sh.D.ga uy ko‘rinishida bergan. Shundan so‘ng undiruvchining roziligiga asosan ijro hujjati amalda tamomlangan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor A.B.dan uning sobiq turmush o‘rtog‘ining foydasiga bir nafar farzandining ta’minoti uchun u voyaga yetguniga qadar aliment undirish belgilangan.

Ushbu ijro hujjati MIB Nukus shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan. Ijro harakatlari davomida qarzdor MIB Nukus shahar bo‘limiga kelib, farzandi 18 yoshgacha to‘lgunga qadar to‘lashi lozim bo‘lgan aliment pullarini oldindan to‘lash istagini bildirgan. Kelgusi 13 yil davomida to‘lashi lozim bo‘lgan aliment pullari hisoblab chiqilganda, miqdor 2,2 milliard so‘mdan sal oshgan.

Undiruvchi MIB Nukus shahar bo‘limiga kelib, hisoblab chiqilgan aliment pullarini sobiq turmush o‘rtog‘idan olganligini ma’lum qilgan va bu tilxat taqdim qilgan.

Ta’kidlash joizki, aliment to‘lovi qarzdor fuqaroning oladigan oylik ish haqi va daromadlari hisobidan undiriladi. Shu bois, qarzdor fuqaro tadbirkor hamda uning oylik ish haqi va daromadlari yuqori miqdorda bo‘lganligi uchun oldindan to‘lov summasi ham shu asosda belgilangan.

“Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlash maqsadida 597 nafar undiruvchiga   27,3  milliard so‘m  pul  mablag‘lari  to‘lab  berildi.

Ishsizlik oqibatida aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lamaslik holatlari kuzatilayotgani bois qarzdorlarni davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda imkoniyat darajasida ishga joylash choralari ko‘rildi. Natijada 27 ming nafarga yaqin aliment to‘lovchining bandligi ta’minlanib, undiruv ularning ish haqlariga qaratildi.

Mavjud muammolarga o‘zgacha yondashib, aliment undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari yuzasidan boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda olib borilgan amaliy tadbirlar samarasi o‘laroq, 13 mingdan ortiq oila yarashtirildi.

Xorijga chiqish uchun cheklov qo‘yish – sud hujjatidagi talablar belgilangan muddatda qarzdor jismoniy shaxs tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmaganda, davlat ijrochisi undiruvchining arizasi bo‘yicha yoki o‘z tashabbusi bilan amalga oshiriladi.  

Hozirda 325 mingdan ortiq aliment ijro ishlari bo‘yicha qarzdorlarga O‘zbekiston Respublikasidan chetga chiqish uchun cheklov qo‘yilgan. Qolgan 40 ming nafariga alimentdan bo‘lgan qarzdorligini uzluksiz to‘lab borayotgani sababli cheklov qo‘yilmagan.  

Alimentga oid ijro ishlari odatiy tarzda – ijrosi to‘liq ta’minlanganda, undiruvchi yoki sud tomonidan qaytarib olinganda tamomlanadi. Bunda, qarzdorga qo‘yilgan cheklovlar avtomatlashtirilgan elektron tizim orqali bekor qilinadi.

Tahlillarga ko‘ra, 2025 yil davomida  alimentni o‘z vaqtida to‘lamagan qarzdorlarga nisbatan 16 ming 163 ma’muriy va 1 ming 283 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Sudlarga yuborilgan 6 ming 215 dan ortiq ma’muriy material bo‘yicha qarzdorlarga jazo qo‘llanilmagan. Buning asosiy sabablaridan biri, huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxslar sud jarayonida o‘z mas’uliyatini his qilib, alimentdan bo‘lgan qarzdorlikni to‘liq to‘lab bergan.

N.Abduraimova, O‘zA