Majburiy ijro byurosi (MIB) organlari tomonidan ijro samaradorligini yanada oshirish maqsadida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov shu haqda ma’lumot berdi:
– “MIB Portal” elektron dasturiy tizimi yo‘lga qo‘yildi va hozirda ushbu elektron dastur qirqqa yaqin idora va tashkilotlar axborot tizimlariga integratsiya qilindi. Byuro organlari tashkil topgandan buyon 8 yil ichida 219 trillion so‘mdan ortiq undiruvlar amalga oshirildi. Shundan davlat foydasiga 95 trillion so‘mga yaqin mablag‘ undirildi.
Tadbirkorlik sub’ektlari foydasiga 67 trillion so‘m, banklar uchun 46 trillion so‘m va fuqarolar manfaatlariga 11,3 trillion so‘m mablag‘ undirildi.
Energiya resurslari, suv ta’minoti va boshqaruv-servis kompaniyalarining barqaror ishlashi uchun 5 trillion so‘mdan ortiq mablag‘lar undiruvi tashkil etildi.
Ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ijro hujjatlari bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, davlatimiz rahbarining farmoni bilan ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun joriy etilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bilan bog‘liq jamg‘armalarga 3,6 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan farzandlar foydasiga 6,6 trillion so‘mlik aliment pullari undirib berildi. Qolaversa, olib borilgan tushuntirish ishlari davomida, 27,9 milliard so‘mlik 179 uy-joy, 3,7 milliard so‘mlik 45 avtomashina hamda 4,1 milliard so‘mlik boshqa turdagi 280 mol-mulk farzandlarning aliment pullari evaziga oldindan to‘lov sifatida berildi.
Davlat ijrochilarining hamkor va mutasaddi tashkilotlar bilan oilaning jamiyatdagi o‘rni masalasida olib borgan profilaktika hamda tushuntirish ishlari natijasida 188 mingdan ortiq oila yarashtirildi.
Qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgan 5 ming 625 nafar fuqaro ishga tiklandi va ularga to‘lanmay qolgan 327,1 milliard so‘mlik ish haqi undirib berildi.
Sohaning raqamlashtirilishi natijasida bir nafar davlat ijrochisining bir oyda o‘rtacha ijro ishini tamomlash ko‘rsatkichi 2020 yilga nisbatan 4 barobarga oshib, 266 taga yetdi.
O‘rta-maxsus ma’lumotga ega davlat ijrochilarini Huquqni muhofaza qilish akademiyasida bosqichma - bosqich o‘qitish bo‘yicha chora - tadbirlar amalga oshirilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA