Yer millatning umummilliy boyligi sanaladi. Ushbu masala hamisha dolzarbligini yo‘qotmaydi.
Ammo hududlarda yer qonunchiligiga rioya qilmaslik, yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish holatlari uchrab turadigan muammodir. Noqonuniy qurilmalar qurish, shuningdek, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari shular jumlasidandir.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 21 fevralda qabul qilingan «Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, hokim yordamchilari xatlov natijasida aniqlangan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishida fuqarolarga faol amaliy yordam ko‘rsatadi.
Shuningdek, yer uchastkalaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida joriy yil 1 martdan boshlab aholi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (MFY) tomonidan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha Bosh prokuratura (1007 qisqa raqami) va Kadastr agentligiga (1097 qisqa raqami) yuborilgan fotosurat va videoyozuvlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
MFY va hokim yordamchilariga o‘z hududida qurilishi boshlangan har qanday bino yoki inshootlarning qonuniyligini aniqlash bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, qurilish va kadastr organlariga so‘rov yuborish huquqi beriladi. Bunda mazkur so‘rovlar 5 ish kunida majburiy tartibda ko‘rib chiqilib, qurilishi boshlangan bino va inshootlarga ruxsat beruvchi hujjatlar bor-yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumot taqdim etiladi.
Noqonuniy holatlar aniqlansa, ma’lumotlarni bir kunlik muddatda yer sohasida nazoratni amalga oshiruvchi organlarga taqdim etadi.
O‘zA