Poytaxtimizda havo sifatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar izchillik bilan davom ettirilmoqda. Ushbu tadbirlarga bir qator tashkilotlar faol jalb etilgan.
Maxsus komissiyaning ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahar va Toshkent viloyati YHXBning 372 nafar hamda hududiy Ekologiya boshqarmalarining 11 nafar xodimlaridan iborat ishchi guruhlar yuk avtomobillarining ekologik talabga mos harakatlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha o‘z ishini davom ettirmoqda.

Ishchi guruhlar o‘rnatilgan tartibda o‘z vazifalarini bajarmoqda. Xususan, tadbir boshidan buyon yuk ustiga o‘rnatilgan tartibda tent yopmasdan harakatlanish bilan bog‘liq 1 ming 643 ta holat aniqlandi. Me’yordan ortiq zararli gazlar chiqarayotgan 171 ta transport vositasiga chora qo‘rildi. Shag‘al, qum va boshqa qurilish mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi 86 ta karerlarda tushuntirish ishlari olib borilib, mas’ullardan kafolat xatlari olindi.

Shuningdek, Toshkent shahriga olib keluvchi yo‘llar hamda muntazam YPX maskanlarida haydovchilarga tadbir boshlangandan buyon jami 2 ming 597 ta bukletlar tarqatildi.
Nazorat tadbirlarida aniqlangan qonunbuzilish holatlariga nisbatan turli jarimalar qo‘llanilgan.
Ekologiya musaffoligiga hissa qo‘shish har birimizning vazifamiz, mas’uliyatimizdir. Shunday ekan, havo ifloslanishiga qarshi olib borilayotgan tadbirlarda har bir fuqaro, tadbirkor va mutasaddilar ko‘makdosh bo‘lmog‘i lozim.
Muhtarama Komilova,
O‘zA