Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Me’yorda ovqatlanish yangi yilga sog‘lom qadam qo‘yish imkonini beradi
12:08 / 2025-12-31

Yangi yil bayrami munosabati bilan aholi o‘rtasida an’anaviy ravishda turli xil taomlar tayyorlanib, dasturxonlar bezatiladi. Biroq bu kunlarda ovqatlanish tartibiga e’tiborsizlik bilan yondashish inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Tibbiy kuzatuvlarga ko‘ra, bayram davrida yog‘li, qovurilgan, tuz va shakar miqdori yuqori bo‘lgan taomlarning me’yordan ortiq iste’mol qilinishi oshqozon-ichak tizimi, jigar, yurak-qon tomir hamda qand almashinuvi jarayonlariga ortiqcha yuklama bo‘ladi. Ayniqsa, surunkali kasalliklari bor bemorlarda bunday holatlar xastalikning zo‘rayishiga olib kelishi mumkin.

Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi bayram kunlarida ovqatlanishda quyidagi tavsiyalarga amal qilishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi:

qovurilgan va og‘ir hazm bo‘ladigan taomlar o‘rniga qaynatilgan, dimlab yoki bug‘da tayyorlangan ovqatlarni tanlash;

mayonezli salatlar, qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari hamda tuzli taomlar ulushini cheklash;

sabzavot, ko‘kat va tabiiy mevalarga ustuvorlik berish;

shirinliklarni me’yorda iste’mol qilish, shakarli ichimliklar o‘rniga toza ichimlik suvi yoki ko‘k choy ichish;

ovqatni sekin, belgilangan vaqtda iste’mol qilish, kechki payt esa og‘ir taomlardan voz kechish.

Shuningdek, bayram kunlari yetarli miqdorda suv ichish organizmda moddalar almashinuvini qo‘llab-quvvatlab, umumiy ahvolni barqaror saqlashga xizmat qiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni Yangi yil bayramini xursandchilik va yaxshi kayfiyat bilan, biroq salomatlikka mas’uliyat bilan yondashgan holda o‘tkazishga chaqiradi. Ongli va me’yorli ovqatlanish bayram zavqini kamaytirmasdan, yangi yilga sog‘lom qadam qo‘yish imkonini beradi.

M.Qosimova tayyorladi, O‘zA