Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mevali bog‘ va daraxtlar hamda tokzorlarga yog‘ingarchilikning ta’siri qanday?
21:20 / 2022-03-14

Qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston iqtisodiyotida eng muhim soha bo‘lib qolmoqda va yalpi ichki mahsulotning 17 foizini tashkil etmoqda. Mamlakatning oziq-ovqatga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish va qishloq aholisini ish bilan ta’minlash, ularning daromadini oshirish muhimdir.

O‘zgarib turuvchi iqlim aniq bir me’yorga ega bo‘lmagan yog‘inlar, sovuq qish va yozning quruq issig‘i ekinlar hosildorligining bir maromda oshishiga salbiy ta’sir etmoqda.

Ob-havo seryog‘in kelganda chigit ekish ishlari qanday tashkil etiladi?

Hozir muhim pallada chigit ekish mavsumi davom etmoqda. Albatta, ertangi hosildorlikni ta’minlash urug‘ni obi-tobida ekib, undirib olishdan boshlanadi. Respublikamizning noqulay ob-havo sharoitida chigitni xatosiz, sog‘lom va erta undirib olish muammosini hal etish yo‘llaridan biri biostimulyator va o‘sishni sozlovchi moddalar bilan urug‘larni ekish oldidan va o‘simlikning vegetatsiyasi davrida qo‘llash texnologiyalarini olib borish lozim.

Bunday paytlarda chigit ekishda dehqon va fermerlar, ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan olim va mutaxassislar tavsiyalariga hamda ilg‘or tajribalariga tayangan holda ishlarni tashkil qilishlari kerak bo‘ladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Nigora Xo‘jayeva tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ketma-ket yog‘in yog‘ishi hisobiga bahorgi dalada bajariladigan agrotexnik tadbirlar yer tekislash, pushta olish, pushtani sug‘orish, ekish oldi yerga ishlov berish (boronalash) va ekish ishlarini maqbul muddatlardan kechikadi.

Tuproqda namlikning me’yordan ko‘p to‘planishi chigit ekiladigan maydonlarda tuproqning namlik rejimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, chigit ekish uchun kuzda shudgor qilib qo‘yilgan maydonlarda namlik zahirasi oshib, chigitni tuproqning tabiiy namligida undirib olish imkoni paydo bo‘ladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining 440 ming gektardan ortiq sho‘ri yuviladigan paxta maydonlarida bahorgi yog‘in-sochin suvlaridan sho‘r yuvish ishlarida foydalanish yaxshi samara beradi. Bunda, tuproqning mexanik tarkibi va yerlarning sho‘rlanish darajasidan kelib chiqib, sho‘r yuvish uchun olingan pollar yomg‘ir va sel suvlari bilan to‘lib, qariyib bir martagacha sho‘r yuvish uchun sarflanadigan daryo suvlarini tejalishiga erishiladi.

Bundan tashqari, respublika bo‘yicha 332 ming gektar pushta olib, nam suvi berib chigit ekiladigan Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon, Namangan, Jizzax, Farg‘ona, Samarqand va Navoiy viloyatlari hududlarida kuzda va erta bahorda olib qo‘yilgan pushtalar yomg‘ir suvi bilan to‘lib, tabiiy namlik zahirasi yaratiladi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari ushbu yog‘ingarchiliklardan keyin har bir hududning tuproq-iqlim sharoitini inobatga olib chigit ekishga yer tayyorlash va chigit ekishni optimal muddatlarda hamda sifatli o‘tkazishga alohida e’tibor qaratishlari lozim. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bahorning iliq kunlarida chigit ekish ishlari bir kunga kechiktirilsa, tuproqning 1 sm dagi namligi, agar 3-4 kunga kechiktirilsa 3-4 sm qatlamidagi namlik ko‘tarilib (bug‘lanib) ketadi.

Chigit ekishning eng maqbul muddatini aniqlashda bahorning qanday kelishini inobatga olmaslikning iloji yo‘q. Biroq ushbu tadbirni 15 apreldan kechiktirmay amalga oshirish juda muhim. Bu yil bahorning seryog‘in kelgani tufayli, chigit ekish ishlarini tugallash muddati biroz ortga surilishi muqarrar. Shu bois yer egalari ob-havo imkoniyat berishi bilan ishni boshlashi va juda qisqa fursatda ekishni tugatishi lozim. Buning uchun ta’minotchi korxonalar tomonidan ham talab etiladigan moddiy resurslar o‘z vaqtida yetkazib berilishi shart.

Mevali bog‘ va daraxtlar hamda tokzorlarga yog‘ingarchilikning ta’siri qanday?

Respulikamizda barcha toifa xo‘jaliklarida jami 337 ming gektar bog‘lar va 182 ming gektar uzumzorlar mavjud. Tinimsiz har kuni yog‘ayotgan yomg‘ir bugungi kunda gullash fazasiga kirgan o‘rik, shaftoli, bodom bog‘lari hosildorligiga zarar yetkazmaydi. Faqat changlanish muddatini sekinlashtirishi mumkin. Qolgan mevali bog‘larimiz bugungi kunda gullash fazasida emasligi sababli zarari kuzatilmaydi.

Yog‘ingarchilikning foydali tomoni oxirgi 2020- 2021 yilda yangi barpo etilgan 88 ming gektar mevali bog‘lar va 75 ming gektar uzumzorlarga tuproqdagi namlik hisobiga ildiz tizimi yaxshi rivojlanishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, lalmi yerlarda parvarishlanayotgan bog‘larning yer osti suvlarining zaxirasi ta’minlanadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA