Meva-sabzavotchilik va qayta ishlash istiqbollari
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida asosiy turdagi meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish va aholining ushbu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida asosiy turdagi meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish va aholining ushbu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.Prezidentimiz Islom Karimovning 2006-yil 11-yanvardagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasini isloh qilish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq meva-sabzavot va uzum yetishtirish, uni qayta ishlash hamda eksport qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar soha rivojida muhim omil bo‘layotir.
Yaratilgan imkoniyatlar tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish ko‘payib, oziq-ovqat mahsulotlari miqdori va sifati oshmoqda. Bu jarayonda davlatimiz rahbarining 2008-yil 20-oktabrdagi “Oziq-ovqat ekinlari ekiladigan maydonlarni optimallashtirish va ularni yetishtirishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlash maqsadida ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish va ichki iste’mol bozorini to‘ldirishda qo‘l kelayotir.
Farmonga ko‘ra, keyingi yillarda paxta maydonlarini 41,9 foizdan 35,4 foizga qisqartirish hisobidan boshoqli don ekinlari yetishtiriladigan maydonlar 25,7 foizdan 45 foizga, sabzavot, kartoshka maydonlari 7 foizdan 8,8 foizga oshdi. Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida 23,5 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish va boshqa innovatsion texnologiyalarga asoslangan yuqori hosilli intensiv bog‘lar yaratildi.
Aholini qish mavsumida sabzavot mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida 2009-2015-yillarda 1,8 ming gektar maydonda muqobil issiqlik manbalaridan foydalaniladigan issiqxonalar barpo etildi. Ular xorijning ilg‘or texnologiyalari bilan jihozlandi. Qish mavsumida qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish hisobiga aholini kuz-qish mavsumida arzon narxdagi sabzavot mahsulotlari bilan ta’minlashda shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarda qurilgan 40 mingdan ziyod yengil konstruksiyali issiqxona qo‘l kelmoqda.
– Bu kabi yumushlar samarasida keyingi besh yilda asosiy turdagi meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarish 1,6-marta oshdi, – deydi Iqtisodiyot vazirligi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari O‘tkirbek Sheraliyev. – Shunga mutanosib ravishda aholi jon boshiga yetishtirilayotgan mahsulotlar miqdori ham o‘sdi. Ya’ni 2009-yilda aholi jon boshiga 509 kilogrammdan ortiq mahsulot yetishtirilgan bo‘lsa, 2014-yilda bu ko‘rsatkich 579 kilogrammga yetdi.
Tadbirda yurtimizda yetishtirilgan meva-sabzavot, poliz noz-ne’matlari va ulardan tayyorlangan mahsulotlar nafaqat ichki bozor, balki MDH, Yevropa va Osiyo davlatlari bozorlariga ham yetkazib berilayotgani qayd etildi.
Mahsulot yetishtirish qanchalik mehnat talab etsa, uni isrof qilmasdan, sifatli tarzda saqlash undan-da mas’uliyatli. Ana shuni hisobga olib, mahsulotlarni saqlash choralari ko‘rilmoqda. So‘nggi besh yilda hududlarda 231,8 ming tonna mahsulot saqlash quvvatiga ega bo‘lgan 347 sovutgichli omborxona qurildi. Mavjud saksonta omborxonada modernizatsiyalash ishlari amalga oshirildi. Bu esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kelgusi yilgi hosil pishib yetilguncha bemalol saqlash imkonini beradi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlari qiziqtirgan savollarga javob oldi.