French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Meva-sabzavot yetishtirishda yangi imkoniyatlar
16:16 / 2025-09-12

Mamlakatimizda yil sayin qishloq xo‘jaligida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalar asosida yuqori sifatli, raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, oziq-ovqat sanoatini jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz raisligida 30 iyul kuni meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini ko‘paytirish masalalari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham bu borada muhim vazifalar berildi.

Shunga asosan, Toshkent viloyati qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida 1,7 ming gektar sanoatlashtirilgan intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etilib, yil yakuniga qadar qo‘shimcha 1,5 ming gektarga yetkazilishi reja qilingan. Shu bilan birga, yana 1,2 ming gektarda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yish va 10 ming gektarni lazerli tekislash uchun 125 ta texnika xarid qilinadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joylarda 679 ta issiqxonalarning 1 ming 97 gektar maydonida mahsulot yetishtirilmoqda. Bunda asosan pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, achchiq qalampir, baqlajon, limon kabi mahsulotlar muntazam yetishtiriladi. Biroq bu yo‘nalishdagi tadbirkorlar orasida sitrus ekinlari, qulupnay, ko‘chatchilik va gulchilik bilan shug‘ullanib, yuqori daromad olayotganlar ham bor. 

Viloyatda rezavor ekinlarni yetishtirish ommalashgan. Xususan, Bo‘stonliq, Qibray, Toshkent, Quyi Chirchiq, Parkent, Oxangaron tumanlarida golubika, malina, O‘rta Chirchiq, Yangiyo‘l tumanlarida qulupnay yetishtirish hajmi oshdi. Prezidentimizning topshirig‘i bilan Bo‘stonliq tumanida 3 ming gektar maydon o‘zlashtirilib, ushbu maydonlarda eksportbop malina, funduk va qulupnay yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Jumladan, Toshkent tumanining G‘ishtko‘prik hududida joylashgan “VERY BERRY” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 2024 yilda ijaraga olingan 11 gektar yer maydonida yangi qishloq xo‘jaligi loyihasi boshlangan edi. Avval bu hudud samarasiz olxo‘ri mevali bog‘lari bilan band bo‘lgan bo‘lsa, bugun u yerlar to‘liq tozalanib, kelgusida zamonaviy va eksportbop golubika rezavor meva bog‘iga aylantirish ko‘zda tutilgan.

Tadbirkor bu yerda tomchilatib sug‘orish tizimi asosida yangi bog‘ barpo etish, ishlab chiqarish hajmini ikki barobar oshirish hamda 10 nafar ishsiz yoshlarga ish o‘rni yaratishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Hozir yerlar tozalangan va 2026 yil bahorida ekin uchun to‘liq tayyor holga keltiriladi.

– “VERY BERRY” rahbariyatiga suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilganda davlat tomonidan beriladigan imtiyozli subsidiyalar haqida batafsil huquqiy ma’lumot berdik, – deydi Toshkent tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Avazbek Oqiljonov. – Shu bilan birga, hududda sanoatlashtirilgan tomchilatib sug‘oriladigan bog‘lar barpo etish tashabbusi bor fermer va korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga va yer egalariga amaliy yordam ko‘rsatish borasida muntazam ishlar olib borilmoqda. Muhimi, bu tashabbus G‘ishtko‘prikda nafaqat zamonaviy bog‘lar, balki yangi ish o‘rinlari, eksportbop mahsulotlar va samarali agroiqtisodiy yondashuvlar orqali qishloq hayotiga yangi nafas olib kiradi.

Shuningdek, “Healing Herbs JM” sharbat ishlab chiqarish korxonasi mahalliy fermerlar bilan hamkorlikni kengaytirmoqda. 2022 yilda ishga tushirilgan mazkur korxona loyihasining umumiy qiymati 3,96 million dollarni tashkil etadi. Korxonada 30 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning yillik 100 ming dollarlik qismi eksportga yo‘naltirilgan.

O‘rganish davomida Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tuman mutaxassislari sharbat ishlab chiqarishda xomashyo sifatida foydalaniladigan makkajo‘xori, olma va oshqovoq mahsulotlarini tuman hududidagi fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan kooperatsiya yo‘li orqali yetkazib berish bo‘yicha takliflar bildirdi. Xususan, sifatli xomashyo yetkazib beruvchi xo‘jaliklar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Suhbat yakunida korxona rahbari tomonidan tuman hududida yetishtiriladigan olma, oshqovoq, sabzi hamda petrushka mahsulotlarini har oyda 15 tonnagacha hajmda xarid qilish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi. 

Umuman olganda, mazkur hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi tuman hududida yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash ulushini oshirish, ish o‘rinlarini yaratish va eksport ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Tahlillarga ko‘ra, Toshkent viloyatida 2 ming 152 ta oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Yil yakunigacha 589 milliard so‘mlik 26 ta loyihalar hisobiga hududning qayta ishlash quvvati 3,1 million tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bunda qo‘shimcha 1 ming 527 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

A.Musayev, O‘zA.