Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Meva-sabzavot yetishtirishda xotin-qizlar ishtiroki yana-da kengayadi
19:53 / 2020-09-29

Andijonda xotin-qizlarning meva-sabzavotchilik yoʻnalishida biznes tashkil etishi va yuritish boʻyicha malaka va tajribalarini oshirish masalalariga bagʻishlangan seminar-trening oʻtkazildi.


Andijonda xotin-qizlarning meva-sabzavotchilik yoʻnalishida biznes tashkil etishi va yuritish boʻyicha malaka va tajribalarini oshirish masalalariga bagʻishlangan seminar-trening oʻtkazildi.

“Tadbirkor ayol” Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Andijon viloyati hududiy boʻlimi tomonidan tashkil etilgan seminar- treningda qishloq hududlarida meva-sabzavot yetishtirish boʻyicha faoliyat olib borayotgan hamda mazkur yoʻnalishda oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish istagidagi xotin-qizlar ishtirok etdi.

– Mazkur seminar-trening Jahon Bankining mamlakatimizdagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi orqali amalga oshirayotgan “Oʻzbekistonda meva-sabzavotchilik sektorini rivojlantirish” loyihasi doirasida oʻtkazildi, – deydi “Tadbirkor ayol” Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Andijon viloyati hududiy boʻlimi ijrochi direktori Nargiza Mirzaliyeva. – Ikki kun davom etgan seminarda bir guruh andijonlik xotin-qizlar oʻzlarining bu boradagi bilim va malakalarini boyitdi.

Jahon bankining “Oʻzbekistonda meva-sabzavotchilik sektorini rivojlantirish” loyihasi doirasida meva-sabzavot mahsulotlari ekiladigan yer maydonlari holatini tubdan yaxshilash, mahsulotni saqlash va qayta ishlash quvvatlarini oshirish, mazkur tarmoqni rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb etishga yoʻnaltirilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

Loyiha doirasida oʻtkazilgan seminar-treningda fermer va dehqon, bogʻdorchilik xoʻjaliklarini yuritayotgan ayollarga sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish, ishlab chiqarishga ilgʻor texnologiyalarni joriy qilish, mehnat sharoitlarini yaxshilash, fan va texnikaning eng ilgʻor yangiliklarini qoʻllagan holda iqtisodiy samaradorlikni oshirish yuzasidan zarur bilim, tavsiya va maslahatlar berilmoqda.

– Men oʻz xonadonimda issiqxona barpo etib, sabzavot mahsulotlari yetishtirishni yoʻlga qoʻymoqchiman, – deydi Andijon tumani Choʻmbogʻich mahallasida yashovchi Nilufar Ismatullayeva. – Seminar-treningda qatnashib zarur bilimlarga ega boʻldim. Ayniqsa, sohadagi ilgʻor tajribalar xususida keng maʼlumotlar oldim. Bu albatta, menga kelgusi faoliyatimda juda qoʻl keladi.

Shuningdek, seminarda fermer va dehqon xoʻjaliklari egalariga tadbirkorlik faoliyatini yana-da rivojlantirish, biznes gʻoyalarini toʻgʻri shakllantirish, imtiyozli kreditlardan samarali foydalanish, yetishtirilgan qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlash masalalari yuzasidan ham keng maʼlumotlar, zarur tavsiya va maslahatlar berildi.

Yakunda seminar-trening mashgʻulotlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan xotin-qizlarga tegishli namunadagi sertifikatlar topshirildi.