Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Meva-sabzavot eksportida bozor talabini tahlil qilmagan tadbirkor yutqazadi
20:10 / 2024-08-10

Prezident tashrifidan so‘ng...

Yetishtirilgan mahsulotni joyida saralash va eksport qilish lozim. Tovarni bozorga olib borib, o‘sha yerda yaxshi-yomonga ajratib o‘tirish ish emas. Tadbirkor jon kuydirib bu fikrni bildirganda haq edi.  

Mana o‘sha gap aytilganiga ham to‘rt yil bo‘libdi. Bugun bozor talablari, xaridorlar istaklari yuqorilab ketdi. Shunga moslashmagan yutqazadi.  

Farg‘ona viloyatida 48 ming 300 gektar bog‘ va tokzor mavjud bo‘lib, uning 3 ming 400 gektarini intensiv bog‘lar tashkil etadi. Keyingi to‘rt yilda 6 ming 400 gektar bog‘ va 2 ming 900 gektar tokzorlar barpo etilgan. Shuningdek, 1 ming 400 gektarda tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan.  

– Davlatimiz rahbari 2020 yil iyun oyida Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida bizning korxona faoliyati bilan tanishgan edi, – deydi «Uz-Segang» qo‘shma korxonasi rahbari Xurshid Normatov. – Biz o‘shanda asosan mevalarni qadoqlash va eksport qilish bilan shug‘ullanar edik. Muloqotda Prezidentga intensiv bog‘ tashkil etish taklifini bildirganimizda buni ma’qulladilar. Shundan so‘ng Quva tumani va Quvasoy shahridan yer maydonlari ajratildi. Bog‘ qilishga kirishdik. Hozir bu yerlarda bosqichma-bosqich belgilangan agroloyihalar amalga oshirilmoqda. Dastlabki ikki yilda Quvasoy shahrida 450 gektar yerda intensiv bog‘ barpo etildi. Xususan, 380 gektarga gilos, 70 gektarga shaftoli ko‘chati o‘tqazildi. Olib borilayotgan sifatli agrotadbirlar natija bera boshladi. Ko‘chatlar hosilga kirmoqda.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti, hududlar rivoji bilan yaqindan tanishish maqsadida 11-12 iyul kunlari Farg‘onada bo‘lganida ham mazkur korxonaning intensiv bog‘ maydonida bo‘lgan edi.  

– Davlatimiz rahbari shu yerda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari mahsulotlarining ko‘rgazmasi bilan tanishdi, – deydi Xurshid Normatov. – Biz tadbirkorlarning sohaga doir masalalarini tinglab, ularni bartaraf qilish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdilar. Bundan ruhlanmay bo‘ladimi?! Natijalarimiz bundan ham yaxshi bo‘lishiga harakat qilamiz. O‘tgan yili korxonamiz tomonidan hududdagi fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqa yer egalaridan olingan 1 ming 700 tonna gilos, shaftoli va anor mevalari yig‘ib olindi. Mahsulotlar saralanib, eksportga yo‘naltirildi. Joriy yilda eksport summasini 15 million dollarga yetkazish maqsad qilinganmiz. Bozorni doimo o‘rganib, tahlil qilib boramiz. Bu ishimizda asosiy mezon sanaladi.  

Darhaqiqat, korxona faqat meva yetishtirish va eksport bilan shug‘ullanmaydi, balki mahsulotlarni saqlash, qayta ishlash, qadoqlashni yo‘lga qo‘ygan. Rivojlangan davlatlardan keltirilgan ilg‘or texnologiyalar ish samaradorligiga xizmat qilmoqda.  

Kelgusi yillarda Quvasoy shahri va Quva tumanida yana 980 gektar qayta o‘zlashtirilgan yer maydonlarida yangi intensiv bog‘ yaratiladi. Hosilga kirgan bog‘lardan hamda qator oralaridan esa 1 ming 800 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlar yetishtirilishi ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, “Ekoturizm” va “Logistika” markazlari ishga tushiriladi.  

Tadbirkorning yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgani natijasi raqamlarda yaqqol ko‘rinadi. Kelgusida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 42 ming tonnaga yetadi. Eng muhimi yana qo‘shimcha 200 ta doimiy, 3 mingta mavsumiy yangi ish o‘rni yaratiladi.  

Ikrom AVVALBOEV,  

O‘zA