Qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston iqtisodiyotining eng muhim tarmoqlaridan biridir. Ayniqsa, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilish sohasida so‘nggi yillarda izchil islohotlar amalga oshirilib, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlari kengaymoqda.
Mahalliy mahsulotlarning sifati va raqobatbardoshligi oshishi natijasida O‘zbekiston meva-sabzavotlari jahon bozorida tobora ko‘proq talabga ega bo‘lmoqda. Shu nuqtai nazardan, o‘tgan 2025 yilda erishilgan eksport ko‘rsatkichlari mamlakat agrar salohiyatining yana bir yorqin tasdig‘i sifatida namoyon bo‘ldi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilda O‘zbekiston xorijiy bozorlarga qiymati 2,1 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan 2,2 million tonna meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qildi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 36,9 foizga o‘sgan bo‘lib, mamlakat umumiy eksportidagi ulushi 6,3 foizni tashkil etdi.
Eksport qilingan mahsulotlar tarkibi meva va rezavorlar – 628,5 ming tonna, sabzavotlar – 582,5 ming tonna, tarvuz va qovun – 233,6 ming tonna, mosh – 148,2 ming tonna hamda yeryong‘oq va yong‘oqlar – 29,3 ming tonnadan iborat.
Shuningdek, boshqa turdagi mahsulotlar – 540,5 ming tonnadan iborat.
Mazkur natijalar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan xalqaro talab izchil oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislarning fikricha, eksport hajmining o‘sishi agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, logistika imkoniyatlarining kengayishi hamda mahsulot sifati oshgani bilan bog‘liq. Shu tariqa, O‘zbekiston meva-sabzavot eksporti bo‘yicha o‘z mavqeini xalqaro bozorda yanada mustahkamlamoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA