Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mettyu Klimou: Vashington sammiti Markaziy Osiyo bilan hamkorlikning yangi davrini boshlaydi
23:02 / 2025-11-06

AQSH poytaxtida “Markaziy Osiyo – AQSH” sammiti o‘tkazilishi tarixiy voqea bo‘lib, Vashingtonning Markaziy Osiyoga e’tibori kuchayganini ko‘rsatmoqda. Bu haqda iste’fodagi Favqulodda va muxtor elchi, besh yil davomida AQSHning Turkmanistondagi elchisi lavozimida ishlagan Mettyu Klimou fikr bildirdi.

Diplomat ta’kidlashicha, aynan oliy darajadagi sammit tashkil etilishi AQSH va mintaqa mamlakatlari o‘rtasida “yangi mas’uliyat va samarali hamkorlik davri boshlanganidan darak beruvchi signal”dir.

– Biz Markaziy Osiyodan uzoqdamiz, ammo AQSH bu mintaqaga sodiq va C5+1 formati ham savdo, ham xavfsizlik sohasida ijobiy natijalar bermoqda, –  deya ta’kidladi Mettyu Klimou.

O‘zbekiston Prezidentining Vashingtonga tashrifi

Amerikalik diplomat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sammitdagi ishtiroki “Toshkent so‘nggi yillarda olib borayotgan faol mintaqaviy siyosat mantig‘iga to‘la mos kelishi”ni qayd etdi.

– Bu juda qulay payt, – deydi sobiq Elchi. – Bugungi kunda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yo‘nalishni belgilaydigan davlatlardan biri hisoblanadi. Ushbu mamlakat Prezidentining AQSH yetakchisi bilan uchrashuvi Vashington O‘zbekistonni jiddiy, mas’uliyatli va islohotchi sherik sifatida ko‘rayotganini yana bir bor ta’kidlaydi. Siyosiy mavzu bilan bir qatorda C5+1 biznes yo‘nalishi ham bor. Bunda amerikalik kompaniyalar va mintaqa davlatlari vakillari investitsiya, jumladan AQSHni qiziqtiradigan strategik va nodir yer elementlariga yo‘naltiriladigan sarmoya masalasini muhokama qilishadi.

O‘zbekiston va AQSH hamkorligi

Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish haqidagi savolga javob berarkan, sobiq elchi Vashington va Toshkent “iqtisodiyotdan tortib inson kapitaligacha qaysi yo‘nalishda harakat qilish kerakligi to‘g‘risida umumiy tushunchaga ega”ligini ta’kidladi.

– Hozir O‘zbekistonda keng ko‘lamli iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlar yuz berayotgan bir paytda, bunday hamkorlik yanada samarali bo‘ladi, chunki Toshkentda siyosiy iroda, AQSHda esa zarur vositalar mavjud, – dedi Klimou. – Markaziy Osiyo mamlakatlari neft, elektr energiyasi, temir yo‘l va raqamli tarmoq bo‘yicha “zanjir tizimi”ni yaratayotgan bir vaziyatda, Amerika xalqaro taraqqiyot agentligi dasturlarini qo‘llab-quvvatlash siyosiy kelishuvni amaliy jihatdan to‘ldiradi.

O‘zbekistondagi islohotlar

Ekspert O‘zbekistondagi ichki o‘zgarishlarga ham alohida e’tibor qaratdi:

– Men 2019 yildan mintaqada ishlaganman. Shuni aytishim mumkinki, O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlar hayratlanarli. Mamlakat suv, energetika va transport tizimi kabi yo‘nalishlardagi qator mintaqaviy tashabbuslarda yetakchilikni zimmasiga oldi. Mana shu shakllanayotgan bog‘liqlikning o‘zidir.

Klimou ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi siyosiy, demokratik va ijtimoiy islohotlar “Vashingtonda ham ko‘zga tashlanmoqda va ijobiy qabul qilinmoqda”. Bu esa muloqot uchun yanada ishonchli muhit yaratadi.

O‘zbekiston Prezidentining yetakchiligi

– Prezident Mirziyoyev ko‘plab yo‘nalishlarda tashabbusni qat’iy ravishda o‘z qo‘liga oldi, – deya fikrini davom ettirdi diplomat. – U chuqur mulohazali, vazmin rahbar sifatida e’tirof etilmoqda. Bunday qobiliyat bizning mamlakat uchun ham, qo‘shni davlatlar va O‘zbekistonning o‘zi uchun ham manfaatli. Zero, ayni yetakchilik qarama-qarshilikka emas, balki bunyodkorlik va mintaqaviy hamkorlikka asoslangan.

“Markaziy Osiyo – AQSH” birinchi sammitining ahamiyati

– AQSH Prezidenti besh davlat rahbarini qabul qilishi – aniq signal: Amerika mintaqaga qiziqish bildirmoqda va Markaziy Osiyo bilan savdo, xavfsizlik va infratuzilma sohalarida hamkorlikni davom ettirish niyatida, deya fikrini yakunladi Mettyu Klimou. – Vashington Markaziy Osiyoning Sharq bilan G‘arb, shuningdek Yevrosiyo bilan Janubiy Osiyo o‘rtasidagi “zanjir” ekanini anglab yetmoqda.Ya’ni, mintaqa barqarorligini mustahkamlash AQSH manfaatiga ham mos.

Abduaziz Xidirov tayyorladi. O‘zA