Bugungi kunda dunyoning aholisi bir necha milliondan oshgan rivojlangan shaharlarini metropolitensiz tasavvur etish g‘oyat mushkul. Chunki har qanday gavjum shaharlarda yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari har qancha ko‘p, zamonaviy va samarali bo‘lmasin, aholining uzog‘ini yaqin qilish uchun har tomonlama qulay, arzon, sifatli va xavfsiz bo‘lgan metropoliten kabi samarani bera olmaydi.
Shuning uchun ham XX asrning boshlaridanoq dunyoning yirik mamlakatlari poytaxtlari va aholi gavjum shaharlarida metropolitenlar qurilishi avj olib ketdi va bugungi kunga kelib 63dan ortiq davlatlarda 200 dan ortiq metropoliten faoliyat yuritmoqda, Shu munosabat bilan, metropoliten xizmatidan foydadanadigan yo‘lovchilarning hududda harakatlanishi vaqtida xavfsizligini ta’minlash masalasi metropolitendagi ichki ishlar organlarining metropolitenda xafsizlikni ta’minlash bo‘limi (MXTB) xodimlari zimmasiga yuklatilgan.
MXTB xodimlari yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida bekatlarda nazorat kuzatuv olib borish, perimetrlarni qo‘riqlash, metroga kirayotgan yo‘lovchilar va ularning narsa va ashyolari, qo‘l yuklarini ko‘zdan kechirish, tezkor-qidiruv ishlarini olib borish orqali huquqbuzarlik hollarini aniqlaydilar, huquqbuzarni ushlab unga nisbatan vakolatlari doirasida qonuniy chora ko‘radilar. Biroq metropolitenda yo‘lovchilar xavfsizligini to‘la-to‘kis ta’minlash uchun buning o‘zi kamlik qiladi. Shu munosabat bilan, hozirgi kunda xavfsizlikni ta’minlash yo‘nalishida dunyo metropolitenlari tajribasidan foydalanib, poytaxtimiz metropolitenida ham yangi texnika va texnologiyalarning joriy etilishi huquqbuzarliklarning kamayishiga xizmat qilmoqda. Ta’kidlash joizki, bugungi kunda inson aqlini hayratga soladigan raqamli texnologiyalar metropolitenda bo‘lgan har qanday qidiruvdagi shaxsni aniqlay oladi va unga oid barcha ma’lumotlarni taqdim etadi. Shu bois, turli toifadagi huquqbuzarlar, qidiruvdagi shaxslar metropoliten bekatlari, bino va inshootlarida o‘rnatilgan zamonaviy kuzatuv kameralari nigohidan qochib qutula olmaydi. Ammo metropolitenda jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashning optimal yechimlarini ishlab chiqishda inson omilining rolini ham kamsitib bo‘lmaydi. Chunki zamonaviy “aqlli” texnologiyalarning boshqaruvchilari o‘z-o‘zidan inson va uning intellektual salohiyati hisoblanadi. Shu munosabat bilan ichki ishlar sohasida eng zamonaviy texnologiyalardan mahorat bilan foydalana oladigan iqtidorli kadrlar tayyorlash zamon talabidir.
Abror G‘ulomjonov,
Toshkent metropoliteni xavfsizlikni ta’minlash
boshqarmasi xodimi