Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tasarrufidagi O‘zbekiston Milliy metrologiya institutida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston xalq artisti Farhod Abdullayev va O‘zbekiston xalq artisti, kino va teatr aktrisasi Ra’no Shodiyeva ishtirok etib, barchani samimiy tabrikladi, bayramona kayfiyat ulashdi.
O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti mamlakatimizda o‘lchashlar birxilligi va aniqligini ta’minlashda yetakchi ilmiy va amaliy markaz hisoblanadi. Institut sanoat, energetika, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa strategik sohalarda qo‘llaniladigan o‘lchash vositalarining ishonchliligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.
Institut xalqaro metrologiya tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borib, milliy etalonlarni yaratish, saqlash va takomillashtirish, shuningdek, ularni xalqaro etalonlar bilan solishtirish ishlarini amalga oshiradi. Bu esa O‘zbekistonda olib borilayotgan o‘lchash natijalarining xalqaro miqyosda tan olinishiga va ishonchliligiga xizmat qiladi.
[gallery-27140]
Milliy metrologiya instituti zamonaviy filial va laboratoriyalarga ega bo‘lib, yuqori malakali mutaxassislar ilg‘or texnologiyalar asosida qiyoslash, kalibrovka, sinov va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Shu bilan birga, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini muntazam oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tadbir davomida o‘tgan yillarda vatan himoyachilari tomonidan amalga oshirilgan fidokorona ishlar esga olinib, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, harbiy kasbga hurmat va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Sh.Mamaturopova, O.Pardayev (surat), O‘zA