Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Metro – qulay, xavfsiz, tezkor jamoat transporti
21:47 / 2023-11-28

Ko‘p sonli aholi istiqomat qiluvchi yirik shaharlarda yo‘lovchilarni tez va qulay manzillariga yetkazish dolzarb masala hisoblanadi. Buning samarali yechimlaridan biri – metropoliten transporti. Aynan metropoliten ko‘p sonli yo‘lovchilarni katta hajmda tezlik bilan tashish imkoniyatini beradi.

Toshkentda aholi soni, avtoulovlarning o‘sishi va tirbandliklar paydo bo‘lishi fonida jamoat transportining nafaqat eng tez, balki eng ekologik toza turlaridan biri – metroni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Shu yilning 21 noyabr kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropolitenida xizmatlar sifatini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishish jarayonida metro xizmatlari sifatini oshirish, harakat qulayligi va xavfsizligini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Yangi vagonlar olib kelib, foydalanish muddati o‘tganlarini yangilash, ikki daqiqali intervalni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Bilasizmi, 1972 yilda Toshkent metropoliteni qurilishi boshlanib, mustaqillik davrgacha umumiy uzunligi 30 kilometrlik Chilonzor va O‘zbekiston yo‘nalishlarida 23 stansiya mavjud bo‘lgan.  

Undan keyingi 27 yilda, ya’ni 1991-2017 yillarda faqatgina Yunusobod yo‘nalishining bir qismi qurilib,  

6 ta bekat ishga tushirilgan, liniyalar uzunligi 38 kilometrga yetgan. O‘sha davrlarda jami 49 ta metro poyezdlari harakatlanib, 2001 yildan beri yangi vagonlar olib kelinmagan edi.  

So‘nggi 7 yilda esa Toshkent metropoliteni infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida qo‘shimcha yer osti va yer usti metro yo‘nalishlari hamda metropoliten bekatlari barpo etib kelinmoqda.  

Ushbu davr ichida jami 32 kilometr metro yo‘nalishlari qurilib, 21 ta zamonaviy metro bekatlari foydalanishga topshirildi.

Bunda, yillar davomida cho‘zilib kelgan Yunusobod yo‘nalishining oxirgi 2 ta stansiyasi qisqa muddatlarda qurib bitkazildi hamda 19 ta stansiyani o‘z ichiga oluvchi Sergeli va yer usti halqa yo‘nalishlari foydalanishga topshirildi. 

2023 yilda Toshkent yer usti halqa metrosining ikkinchi bosqichi doirasida uzunligi 8,5 km. bo‘lgan 5 ta bekatdan iborat “Qo‘yliq – Quruvchilar” qismi foydalanishga topshirildi.

Hozirda metroning ushbu yo‘nalishida kuniga 45 ming yo‘lovchi tashilib, Yashnobod, Mirobod, Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi 55 ta mahallada yashovchi 220 ming aholi metropoliten bilan qamrab olindi.  

“Quruvchilar – Qipchoq” qismida qurilish yakunlanib, 2 ta metro bekati ishga tushirilishi natijasida Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi yana 7 ta mahallada yashovchi 31 ming aholi metropoliten bilan qamrab olinadi. Bunda, Yer usti halqa metro liniyasi Sergeli yo‘nalishi bilan bog‘lanadi.

Natijada, metropolitenning umumiy uzunligi 70 kilometrga, bekatlar soni 50 taga, qo‘shimcha 10 mingdan ziyod yo‘lovchilar hisobiga kunlik yo‘lovchilar oqimi 650 ming nafarga yetkaziladi. Ilgari esa kuniga 480 ming nafar yo‘lovchi tashilgan.  

15 ta yangi metro poyezdlari xarid qilinishi natijasida kunning tig‘iz vaqtida poyezdlar kelish vaqti 5-7 daqiqadan 2 daqiqagacha qisqardi. Kelgusi yilda yana qo‘shimcha 40 ta yangi metro poyezdlari olib kelinadi.  

Pensionerlarga 1 apreldan metropolitendan foydalanish uchun bepul xizmat ko‘rsatilmoqda. Joriy yil sentyabrdan yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan tig‘iz vaqtlarda poyezdlar intervali Chilonzor yo‘nalishida 1,5 daqiqagacha, O‘zbekiston yo‘nalishida 3-3,5 daqiqaga qisqartirildi, oldin esa poyezdlar intervali 10-15 daqiqa edi.

Poytaxtimiz jamoat transporti tizimida metropolitenning o‘rni kun sayin ortib bormoqda. Shuni inobatga olgan holda, metropoliten infratuzilmasi zamonaviy standartlar doirasida yo‘lovchilarga yanada qulay bo‘lishi uchun modernizatsiya qilish ishlari davom etmoqda.  

Zero, Toshkent metropolitenining jadal suratlarda rivojlanishi nafaqat yo‘lovchilarning shaharning A nuqtasidan B nuqtasiga tez va qulay yetib olishida, balki shaxsiy transportga ehtiyojni kamaytirishda va tirbandliklarning oldini olishda muhim omil hisoblanadi.

Mohigul Qosimova, O‘zA