Respublika ixtisoslashtirilgan dizayn maktabi o‘qituvchilari tashabbusi bilan Toshkent metropolitenining Alisher Navoiy bekatida ustoz-shogird an’analarini rivojlantirishga bag‘ishlangan “Cheksiz ilhom” nomli ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ko‘rgazmaning metro bekatida tashkil etilgani unga o‘zgacha mazmun va zamonaviy ruh bag‘ishladi. San’at an’anaviy galereya devorlaridan chiqib, shahar hayotining eng gavjum va harakatdagi nuqtasiga olib kirildi. Natijada ijod va kundalik hayot, estetik tafakkur va urban muhit o‘zaro uyg‘unlashdi.


Ko‘rgazmada yosh dizaynerlarning arxitektura yo‘nalishidagi innovatsion loyihalari, konseptual maketlari hamda milliy va zamonaviy uslublarni mujassam etgan ishlari namoyish etildi.
Har bir ijod namunasida ustozning tajribasi va shogirdning izlanishi, an’ana va yangilikning mustahkam bog‘liqligi yaqqol sezildi.


Tadbirda qayd etilganidek, “Cheksiz ilhom” nafaqat ijodiy ishlar taqdimoti, balki mahorat maktabi, tajriba almashinuvi va madaniy muloqot maydoniga aylandi.
Ushbu ko‘rgazma yosh avlod qalbida san’atga muhabbatni yanada kuchaytirib, ustoz-shogird an’anasining bardavomligini namoyon etdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA