8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyatida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarga ehtirom ko‘rsatildi. Shu munosabat bilan bayram tadbiri hamda korxonaning 82 yilligi keng nishonlandi.
Tantanali tadbirda kombinat boshqaruvi raisi – bosh direktor Bahodir Abdullayev so‘zga chiqib, korxonada mehnat qilayotgan barcha xotin-qizlarni samimiy tabrikladi. Ularga o‘zining iliq tilaklarini bildirdi.

— Xotin-qizlar har qanday jamoaning mehri, fayzi va barqarorligini ta’minlaydi, — dedi kombinat Ayollar kengashi raisi Marhabo Xoliqova. — Bugungi kunda kombinat va uning ta’sischiligidagi jamiyatlarda 8 ming nafardan ziyod ishchi-xodim faoliyat yuritmoqda. Ularning 1 ming 700 nafari xotin-qizlardir. Ular ishlab chiqarish, boshqaruv, muhandislik va ijtimoiy sohalarda samarali mehnat qilib, korxona taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Kombinatda uzoq yillardan beri samarali mehnat qilib kelayotgan bir qator mehnat fidoyilari har yili davlat mukofotlariga tavsiya etiladi. Bu yil Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Elektrda po‘lat eritish bo‘linmasi ohak kuydirish uchastkasida 3-razryadli transportyorchi bo‘lib ishlab kelayotgan Xayriniso Rustamova “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. U qariyb 39 yildan buyon kombinatda samarali mehnat qilib, jamoada katta hurmat qozongan.

Bundan tashqari, mazkur jabhada mehnat qilayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Bayram munosabati bilan korxonada faoliyat yuritayotgan barcha xotin-qizlarga pul mukofotlari tarqatildi.
Ta’kidlash lozimki, qariyb bir asrlik tarixga ega “O‘zmetkombinat” mamlakatimiz sanoatining muhim tayanch korxonalaridan biri hisoblanadi. Korxona 1944-yil 5-mart kuni ishga tushirilgan.

— Bugungi kunda aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston metallurgiyasining yirik korxonasi hisoblanadi, — deydi “O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi – bosh direktor Bahodir Abdullayev. — Joriy yilda jamiyatimiz tomonidan 1 million 60 ming tonna metall mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bu qariyb 8,5 trillion so‘mlik mahsulot demakdir. Shuningdek, 2030-yilga borib ishlab chiqarish hajmini 3 million tonnadan oshirish maqsad qilingan.

Bayram tadbirida san’atkorlarning qo‘shiqlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Tadbir so‘nggida ishtirokchilar uchun iftorlik dasturxoni yozilib, barcha bir piyola choy ustida samimiy suhbat qurdi.
A. Musayev, O‘zA