Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Metall Grid” korxonasi gaz plitalar uchun panjaralar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi
14:32 / 2024-03-06

Bugungi kunda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi yurtimiz elektrotexnika sanoatida mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha korxonalar bilan muntazam hamkorlik qilib kelmoqda.

 Yaqinda uyushma mas’ullari “Metall Grid” korxonasida bo‘lib, bu yerdagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.  

 Unda uyushma vakillariga korxona mutasaddilari tomonidan istiqbolli rejalar va hamkorlik yo‘nalishlariga oid atroflicha ma’lumotlar berildi.  

 Ta’kidlash kerakki, poytaxtimizning Yunusobod tumanida joylashgan ushbu korxona asosan turli xil metallardan butlovchi qismlar va mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Korxona jamoasi doimiy izlanishda. Shu sababli, yaqinda korxona tomonidan gaz plitalar uchun panjaralar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.  

 O‘rganish jarayonida uyushma mutaxassislari korxona vakillari bilan ushbu butlovchi qismni mahalliy korxonalarga yetkazib berish imkoniyatlarini ishga solishni muhokama qildi.  

 Ushbu komponentning sifati va ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishgan vakillarimiz, korxona mas’ullariga kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha barcha yordamlar ko‘rsatilishini ta’kidladi.  

 – Mahalliy korxonalar o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirish, import mahsulotlarining yurtimizda ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish iqtisodiyotimiz rivojlanishining muhim shartlaridan biri. Maishiy texnika vositalari, xususan, gaz plitalar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar soni oshib borayotgani bois ushbu butlovchi qismga bo‘lgan talab ham oshib bormoqda. Ba’zi mahalliy korxonalar esa hali ham ushbu mahsulotni xorijdan import qilib kelmoqda. “Metall Grid” korxonasi o‘z imkoniyatlarini kengaytirib, gaz plitalar uchun panjaralar ishlab chiqara boshladi, – dedi “O‘zeltexsanoat” uyushmasi axborot xizmati rahbari Namoz Tolipov.   

N. Ziyodullayeva, O‘zA