Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mers nimadan norozi? (+video)
12:59 / 2025-07-22

Germaniya kansleri Fridrix Mers yillik matbuot anjumanida o‘zining kelasi uch yillik siyosiy rejalari haqida so‘zlab, Yevropa Ittifoqi faoliyatini keskin tanqid qildi.

Uning fikricha, YeI haddan tashqari qoidalar va byurokratiya bilan to‘lib-toshgan, shu sababli fuqarolar hayotidagi aniq muammolarni samarali hal eta olmayapti. Bu bayonot orqali u GFR milliy manfaatlarini ustuvor deb bilishini va YeI siyosatiga ko‘r-ko‘rona itoat qilmasligini ochiq ifoda etdi.

Mersning ta’kidlashicha, mamlakat iqtisodiyotini tanazzuldan chiqarish va mudofaa salohiyatini oshirish uning siyosiy dasturidagi eng asosiy vazifalardan biri sanaladi. U bu borada aniq chora-tadbirlar ko‘rilayotganini qayd etib, saylovchilarga iqtisodiy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha o‘zining qat’iy pozitsiyasini namoyon etdi. 

Shu bilan birga, u Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Polsha bosh vaziri Donald Tusk va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yganini, AQSH bilan savdo masalalari va Yaqin Sharqdagi mojarolar yuzasidan faol muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi.

Kansler G‘azoda yuzaga kelgan gumanitar inqirozga ham alohida to‘xtalib, Germaniya hukumati falastinliklarga yordam yetkazish yo‘llarini ishlab chiqayotganini bildirdi. U Isroilni Rossiya bilan taqqoslab bo‘lmasligini, bu ikki davlat siyosiy tabiati jihatidan mutlaqo farqli ekanini ta’kidladi. Mersning fikriga ko‘ra, Isroil demokratiya tamoyillarini hali ham saqlab qolayotgan davlat sifatida qaralishi kerak.

Matbuot anjumanida Germaniyadagi migratsiya siyosati ham e’tibor markazida bo‘ldi. Mers bu masalada ehtiyotkor, biroq aniq siyosiy pozitsiyani namoyon etar ekan, Angela Merkel davridagi “Biz buning uddasidan chiqamiz” shioriga nisbatan ochiq tanqid bildirmadi. Uning o‘rniga, hukumat bu siyosatga tuzatishlar kiritayotganini qayd etdi. Kansler so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 18 iyul kuni mamlakat Ichki ishlar vazirligi qarori asosida 80 nafar afg‘on muhojiri deportatsiya qilingan. Bundan tashqari, Germaniya Polsha bilan chegarada nazoratni kuchaytirmoqda.

Fridrix Mers, shuningdek, Rossiya va Belarusni muhojirlarni qasddan Yevropaga yo‘naltirish orqali YeIda beqarorlik yaratishga urinayotganlikda aybladi. U bu kabi harakatlarga qarshi keskin choralar ko‘rilishini bildirdi. Shuningdek Mers, Federal hukumat Tolibon harakatini tan olmasligini va bu pozitsiya o‘zgarmasligini aytgan. 

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/LKt9CoOLGlI?si=MdXSG5f5kknvdMQK" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

K.Bekjonov, O‘zA