Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan "Meros" filmi yaqinda Hindistonda o‘tkazilgan “Oltin tulpor” ("Golden Horse Film Festival") xalqaro kinofestivalida "Eng yaxshi xorijiy film" nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘lgan edi. Film ushbu kinofestivalda "Eng yaxshi rejissyorlik ishi" nominatsiyasi bo‘yicha ham e’tirof etildi. Bu haqda Kinematografiya agentligi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
— "Meros" filmining bir kinofestivalda ikkita mukofot bilan taqdirlanishi ijodiy jamoamizni xursand qildi, — dedi film rejissyori Hilol Nasimov.-- Bunday e’tibor har doim ham berilavermaydi. O‘zbek kinosining xalqaro kinofestivallarda ishtiroki ko‘payganidan mamnunmiz, albatta!
Badiiy film o‘zbek va qozoq xalqlarining abadiy do‘stligi, an’analari haqida hikoya qiladi. Ssenariy muallifi va rejissyor Hilol Nasimov, postanovkachi operator Husan Aliyev, kompozitor Dmitriy Yanov-Yanovskiy, postanovkachi rassom Fazliddin Turdiyev.
Mazkur film may oyida Rossiyada bo‘lib o‘tgan “Zolotoy Vityaz” kinoforumida “Qozoq va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi an’ana va munosabatlarning umumiyligi mavzusini ochib bergani uchun” maxsus diplomi bilan taqdirlangan.
Ma’lumot uchun aytish kerakki, yaqin kunlarda "Meros" filmi Rossiyaning Qozon shahrida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro kinofestivalning tanlovdan tashqari dasturida namoyish etilishi rejalashtirilgan.
O‘zA