Bugun, 14 oktyabr kuni Misr poytaxti Qohira shahrida o‘q otish sporti bo‘yicha jahon chempionati boshlandi.
Mazkur nufuzli musobaqa davomida 2024 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarining 32 ta yo‘llanma egalari aniqlanadi. Xalqaro maydonda ushbu chempionatga e’tibor yuqoriligi unda qatnashayotgan davlatlar va sportchilar sonida ham aks etmoqda.
25 oktyabrgacha davom etadigan chempionat bahslarida 88 ta mamlakatning 1050 nafar sportchici medallar uchun kurash olib boradi.
Olimpiya yo‘llanmalari uchun kurashda O‘zbekiston terma jamoasining Vadim Skorovarov, Muxtasar Tohirova, Muhammad Kamalov, Veniamin Nikitin, Vladimir Svechnikov, Ilhombek Obidjonov, Alina Tarasova, Nigina Saidqulova, Bonu Tilavberdiyeva kabi a’zolari o‘z yo‘nalishlarida ishtirok etadi.
Bugun kun davomida 10 metrga pnevmatik miltiqdan o‘q otish bo‘yicha saralash bahslari tashkil etiladi. Bahslarning o‘g‘il bolalar guruhida 119 nafar, qizlar guruhida esa 139 nafar sportchi qatnashmoqda. Ular safida terma jamoamiz a’zolari Rio olimpiadasi qatnashchisi Vadim Skorovarov hamda Tokio olimpiadasi qatnashchisi Muxtasar Tohirova ham final yo‘llanmasi uchun bahs olib bormoqda.
Har ikki guruhning finalida kuchli to‘rtlikka kirgan sportchilar "Parij-2024" olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA