Namanganda mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi tashabbusi bilan sportning pnevmatik quroldan o‘q otish bo‘yicha Namangan viloyati hokimi kubogining birinchi bosqichi o‘tkazildi.
2026 yilgi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari taqvim rejasi asosidagi mazkur musobaqa Namangan shahri o‘quv-sport texnika markazi qoshidagi “O‘q otish” majmuasida tashkil etildi. Unda viloyat shahar va tumanlari jamoalari tarkibida 110 nafar o‘g‘il-qiz ishtirok etdi.


Musobaqaning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlar natijalariga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatgich qayd etgan Namangan shahridagi 1-sonli o‘quv-sport markazi jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Viloyat texnik va amaliy sport turlari markazi ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Musobaqaning ilk bosqichida To‘raqo‘rg‘on tumani o‘quv-sport texnika markazi sportchilari kuchli uchlikdan joy oldi.

“Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi raisi Ahmadjon A’loxo‘jayev kubokning g‘olib va sovrindorlariga faxriy yorliq, medallar va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.