Poytaxtimizdagi “ZAKOVAT ARENA” intellektual klubida "ALOHA Mental Arifmetic" mental arifmetika bo‘yicha yettinchi respublika musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda yurtimizning ko‘plab hududidan 5 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldi. Mazkur bilimlar musobaqasi 400 nafardan ortiq yosh ishtirokchini o‘z atrofida birlashtirgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Aytish kerakki, ALOHA jamoasi 2017 yildan buyon muntazam ravishda respublika musobaqalarini tashkil etib kelmoqda.
Bu bolalar uchun o‘z qobiliyatlarini ko‘rsatish, eng yaxshi natija uchun mukofot olish, do‘stlari va oilasi bilan qiziqarli va foydali vaqt o‘tkazish imkoniyatidir. Mental arifmetika bugungi kunda maktab o‘quvchilari o‘rtasida shunchaki urf bo‘lgan yo‘nalish emas.
[gallery-17669]
Arifmetikaning ushbu turi yordamida bolalarga kalkulyatordan tezroq hisoblashni o‘rgatish, ularning ijodiy salohiyati, tahlil qilish va tanqidiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish mumkin. Bu esa miya faoliyatini keng miqyosda rivojlantirishga yordam beradi, bolalarning o‘z-o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi, xotirani kuchaytiradi, konsentratsiya va ijodkorlik kabi asosiy ko‘nikmalarini yanada yaxshilaydi.
Bugungi kunga qadar AQSH, Kanada, Rossiya, Meksika, Germaniya, Irlandiya, Ispaniya, Hindiston, Xitoy, Malayziya kabi dunyoning 45 ta davlatida 4 million nafardan ortiq bola patentlangan ALOHA dasturi bo‘yicha muvaffaqiyatli ta’lim olmoqda.
Ushbu dasturning Toshkentda joylashgan bosh ofisi bilan birga O‘zbekistondagi xalqaro vakolatxonasi 2016 yil kuzida ochildi va MDH davlatlari orasida birinchi litsenziyalangan ALOHA maktabiga aylandi.
Sir emaski, bilimlarni sinab ko‘rishdagi eng qiziqarli va mas’uliyatli jarayon bu o‘z bilim va iqtidorini turli tanlov va olimpiadalarda namoyon etishdir. ALOHA muntazam ravishda butun dunyo bo‘ylab o‘z filiallari talabalari o‘rtasida milliy, mintaqaviy va xalqaro musobaqalarni o‘tkazadi.
Musobaqa tashkilotchilarining aytishicha, o‘zbekistonlik yoshlarning xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi boy tarixga ega.
Farzandlarimiz 2017 yilda Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda a’lo natijalarni ko‘rsatgan bo‘lsa, 2018 yilda Moskvada o‘tkazilgan xalqaro musobaqalarda ham o‘g‘il-qizlarimiz muvaffaqiyatli qatnashdi. Malayziyada ALOHA markazining 21 nafar talabasi, Rossiyada esa 32 nafar ishtirokchi Vatanimiz sharafini himoya qildi. Ulardan 28 nafar bola eng yuqori mukofot va unvonlarga sazovor bo‘ldi. Xitoydagi musobaqada 8 nafar bolajonimiz qatnashdi. O‘zbekistondan kelgan barcha ishtirokchilar faxriy sovrinlar, eng yuqori unvonlarni qo‘lga kiritib, medallar, kuboklar va sertifikatlarga sazovor bo‘lib, zafar bilan Vatanga qaytdi.
2024 yilda Ispaniyaning Madrid shahrida navbatdagi "ALOHA - 2024" xalqaro tanlovi o‘tkaziladi. Unda butun dunyodan kelgan matematika bo‘yicha eng bilimdon bolalar aniqlanadi. Yurtimiz vakillari hozirda mazkur musobaqalarga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda.
Nazokat Usmonova,
Alimurod Mamadaminov (surat)
O‘zA