Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mening yo‘lim” loyihasidan yutib olingan mablag‘ nega to‘liq berilmadi?
13:54 / 2023-07-12

Tahririyatimizga Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Qani qishlog‘i fuqarolari nomidan shikoyat arizasi kelib tushdi. Unga ko‘ra, qishloq aholisi “Ochiq byudjet” axborot portalining “Mening yo‘lim” loyihasida ishtirok etib g‘olib bo‘lgan, ammo tuman mas’ullari loyihada ko‘rsatilgandan kam mablag‘ ajratilganini ta’kidlashgan va bu o‘z navbatida aholi orasida tushunmovchiliklarga sabab bo‘lgan.

Ta’kidlash kerakki, tashabbusli byudjet loyihasi nafaqat aholining uzoq yillik muammolariga yechim topilishiga, balki fuqarolarni ham birdamlikka undab, ulardagi o‘z mahallasi, qishlog‘iga daxldorlik hissini oshirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, bu jarayonlarda yoshlar alohida faollik ko‘rsatib, hududlardagi yo‘llar, elektr energiyasi, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilanishiga katta hissa qo‘shmoqda.  

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Shahrisabz tumanining Qani qishlog‘ida bo‘ldik va muammoni o‘rgandik.  

Aniqlanishicha, Shahrisabz tumanining Qani qishlog‘i yoshlari ham “Ochiq byudjet” axborot portalining “Mening yo‘lim” loyihasida ishtirok etib, 13 ming 770 ovoz orqali, ikkinchi o‘rinda g‘olib deb topilgan. Loyihada qishloqning 2220 metr ichki yo‘llarini asfaltlash uchun 1 milliard 6 million 250 ming so‘m taklif etilgan bo‘lib, ushbu tashabbus tasdiqlangani to‘g‘risidagi xabardan butun qishloq ahli quvongan edi, ammo...  

– Qishlog‘imiz yo‘llarining umumiy uzunligi 6 kilometrdan ziyod. Shundan Davlat dasturi asosida 800 metr qismi asfaltlashtirilgan, – deydi mahalla oqsoqoli Sobir Xudoyqulov. – Qolgan 12 ko‘chamiz abgor holda yotibdi. Fuqarolarimizning o‘z mablag‘i hisobidan hashar yo‘li bilan qum, tosh to‘kib yo‘llarimizni hamin qadar ta’mirlaganmiz. Yog‘ingarchilik mavsumida ahvol yanada og‘irlashadi. Bolalar maktabga qatnashga qiynaladi. Yurtboshimizga rahmat “Ochiq byudjet” loyihasi e’lon qilinib, ko‘plab muammolar yechimi xalqning ovozi evaziga hal qilinmoqda. Qishloqdoshlarimiz katta tashabbus bilan “Mening yo‘lim” loyihasida ishtirok etib, ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Yutug‘imiz 1 milliard 6 million 250 ming so‘m deb e’lon qilindi. Bugungi kunda shu mablag‘imizning 600 million so‘mi aniq bo‘lib turibdi. Qolgani noma’lum holatda. O‘sha mablag‘ ham yetib kelsa, qishlog‘imiz yanada obod bo‘lardi.  

Aynan shu holat aholi e’tirozlariga sabab bo‘lib, turli xil tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.  

– 2023 yil 7 mayda “Mening yo‘lim” loyihasiga tashabbus kiritdik va 13 ming 700 dan ortiq ovoz bilan 2-o‘rinda g‘olib deb topildik, – deydi loyiha tashabbuskori Murodjon Xurramov. – Loyihaga 1 milliard 6 million 250 ming so‘m ajratilishi belgilandi. Ya’ni 2220 kilometr yo‘l uchun. Bunda asosan qishlog‘imizdagi qabristonga boradigan yo‘l ko‘zda tutilgan edi. Lekin tuman moliyasi bilan gaplashganimizda loyihamiz uchun 600 million so‘m ajratilishini aytishdi. O‘rtada 406 million so‘m mablag‘ yo‘q. Bu borada hech kimga e’tirozimiz yo‘q, albatta. Ammo shu pullar qayerga ketganini izohlab berishsa bo‘ldi. Maqsadimiz pullarni joy-joyiga qo‘yib, asfaltimizni sifatli qilib berishini so‘raymiz.  

Tasdiqlangan 1 milliard 6 million 250 ming so‘m mablag‘ning 600 million so‘mi qilinadigan ishga yo‘naltirilishi xususidagi xabar tabiiyki qishloq ahlida tushunmovchiliklarni yuzaga keltirgan. Bir qaraganda kishida mablag‘ning qolgan qismi xususida turli shubhalarni ham keltira boshlaydi. Xo‘sh, aslida o‘sha 406 million so‘m mablag‘ qayerga ketgan yoki u mablag‘ rostdan ham bormidi o‘zi?  

Hududda bo‘larkanmiz, ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida qishloqning o‘ziga tuman moliya bo‘limi mas’ullarini chaqirtirdik. Taklifimizga yo‘q demay mas’ullar ham yetib keldi. Holatni aholi vakillariga batafsil tushuntirishga harakat qilishdi.  

– 2023 yilda “Mening yo‘lim” loyihasi bo‘yicha jami ikkita loyiha g‘olib deb topilgan, – deydi tuman moliya bo‘limi mas’uli Kamoliddin G‘iyosov. – Loyihaga jami 2 milliard 100 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan edi. Loyiha bo‘yicha ikkita MFY g‘olib deb topilgan: birinchisi Xitoy MFY Ommog‘on qishlog‘i 1,5 milliard so‘m, ikkinchisi Uloch MFY Qani qishlog‘idagi 1 milliard 6 million 250 ming so‘mlik loyiha. Vazirlar Mahkamasining 49-sonli qarori asosida ishlab chiqilgan Nizomga asosan dastlab g‘olib bo‘lgan birinchi loyiha moliyalashtirilib, keyin 50 foizdan oshgan takliflar moliyalashtirilishi belgilab qo‘yilgan. Shunga ko‘ra, Qani qishlog‘i loyihasi 50 foizdan oshgani uchun 600 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Boshida jami qo‘yilgan mablag‘ 1,5 milliard so‘m edi aslida. Keyin fuqarolarning taklif va tashabbuslarini hisobga olib yana 70 foizga oshirilgan va 2 milliard 100 million so‘mga ko‘tarilgan edi. Xullas 400 million so‘m mablag‘ hech qayerga yo‘qolib qolgani yo‘q. Ajratilgan mablag‘ qonun doirasida Nizomga asosan taqsimlangan xolos.  

O‘rtadagi tushunmovchilik barham topdi. Asosiysi aholining birdamligi yo‘lida qo‘lga kiritilgan tashabbuslarga ajratilgan mablag‘larning qonuniy sarflanishi yuzasidan fuqarolarga to‘g‘ri tushuntirishlar olib borildi. Mas’ulning ta’kidlashicha, tez orada qishloq ko‘chalarida ta’mirlash ishlari boshlanadi. Albatta bularning barchasi bugungi kunda odamlarning jarayonlarga e’tiborsiz emasligini, jamoatchilik nazorati yaxshi samara berayotganining amaldagi ifodasidir.  

O‘lmas Barotov,  

O‘zA.