Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mening tug‘ilganlik haqidagi guvohnomamni Turkiya davlati tan oladimi?
11:25 / 2020-11-13

Aksariyat chet davlatlarga chiqayotgan yurtdoshlarimizning savollariga javob berish maqsadida shu maqolani yoritishga jazm etdik.

Turkiya davlatida hujjatingizni tan olishlari uchun siz mazkur hujjatga apostil qo‘yishingiz kerak bo‘ladi.  Apostil - o‘zi nima?

Apostil – hujjatni imzolagan sifatida ish ko‘rgan shaxsning imzosi haqiqiyligini va hujjatni tasdiqlagan muhr va shtamp bosma izi haqiqiyligini tasdiqlaydigan Konvensiyaga muvofiq rasmiy hujjatga chet elda foydalanish maqsadida qo‘yiladigan maxsus shtamp.

Apostil - chet elda O‘zbekiston Respublikasining elchixonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan sodir etilgan hujjatlarga;

tijorat yoki bojxona operatsiyalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador bo‘lgan hujjatlarga;

pasportga, harbiy biletga qo‘yilmaydi.

Hozirgi kunda apostilni olmoqchi bo‘lgan fuqaro Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelgan holda murojaat etadi.

Diqqat qiling! davlat xizmatlari markazlariga kelganingizda, faqatgina Adliya organlari va muassasalaridan hamda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlargagina apostil quyiladi.

Rasmiy hujjatlar apostil qo‘yish uchun asl nusxalarda yoki ariza beruvchining xohishiga ko‘ra, notarial tasdiqlangan nusxalarda qabul qilinadi.

Davlat xizmati ko‘rsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida yig‘im undiriladi

Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan barcha hujjatlar skanerlanadi va 10 daqiqa mobaynida idoralararo elektron o‘zaro bog‘lanish yordamida vakolatli organga yuboriladi.

Taqdim etilgan hujjatlarning asl nusxasi shu kunning o‘zida Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan (kurer yoki buyurtma xatlar orqali) vakolatli organga yetkaziladi.

Ariza beruvchi tomonidan rasmiy hujjatlarda tegishli rekvizitlarning (tartib raqami, sana, imzo, muhr) hech bo‘lmaganda bittasi mavjud bo‘lmaganligi va davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun to‘lovning amalga oshirilmaganligi davlat xizmatlari ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi.

Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda uning so‘rovnomasi ko‘rmasdan qoldiriladi. Bunda, to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi.

Vakolatli organ apostil qo‘yishni Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 17 noyabrdagi 307-son qarori bilan tasdiqlangan "Apostil qo‘yish tartibi to‘g‘risida"gi nizomga asosan amalga oshiradi va natijasi bo‘yicha apostil qo‘yish to‘g‘risida yoki apostil qo‘yishni rad etish to‘g‘risida 5 ish kuni mobaynida qaror qabul qiladi.

Apostil qo‘yish to‘g‘risida ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda vakolatli organ xodimi taqdim etilgan rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yadi.

Apostil qo‘yishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

agar rasmiy hujjatdagi mansabdor shaxsning imzosi va (yoki) muhrning bosma izi vakolatli organdagi namunaga muvofiq bo‘lmasa;

agar rasmiy hujjatni imzolagan mansabdor shaxs uni imzolash vakolatiga ega bo‘lmasa;

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda apostil qo‘yish rad etiladi.

Apostil qo‘yishni rad etish yozma xat shaklida amalga oshiriladi.

Vakolatli organ apostil qo‘yilgan rasmiy hujjat yoki apostil qo‘yishni rad etish haqidagi xatni taqdim etilgan hujjatlar bilan birga Davlat xizmatlari markaziga (kurer yoki buyurtma xat orqali) yetkazadi va Markazni bu haqda idoralararo elektron tarzdagi hamkorlik tizimi orqali xabardor qiladi.

Davlat xizmatlari markazi apostil qo‘yilgan rasmiy hujjat yoki apostil qo‘yishni rad etish haqidagi xat tushgandan so‘ng 1 soat mobaynida ariza beruvchini axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.

Davlat xizmatlari markazi xodimi Apostilni ro‘yxatdan o‘tkazish daftariga tegishli yozuvni kiritgan holda apostil qo‘yilgan rasmiy hujjatni yoki apostil qo‘yishni rad etish haqidagi xatni taqdim etilgan hujjatlar bilan birga ariza beruvchiga topshiradi.

Sh.Tavbayev,

Jizzax viloyati Do‘stlik tuman davlat xizmatlari

marazi direktori