Nodavlat notijorat tashkilotlarni birlashtirish, nogironligi bor shaxslarning huquqiy, siyosiy bilimlarini oshirish, elektoral madaniyatini yuksaltirish maqsadida Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tashabbusi bilan “Biz birgamiz!” ijtimoiy aksiyasi doirasida “Mening ovozim – Vatan kelajagiga daxldor” shiori ostida huquqiy targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Viloyat hokimligi, “Yuksalish” umummilliy harakati, Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi Sirdaryo viloyat bo‘limi, Xalq deputatlari viloyat kengashi huzuridagi jamoat fondi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda dastlab Saylov kodeksi, saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun saylash va saylanish huquqlarini amalga oshirish uchun yaratilgan sharoitlar, saylov jarayonlarida nodavlat notijorat tashkilotlarning o‘rni xususida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ushbu ma’lumotlarning surdotarjimon yordamida real vaqt rejimida jamoatchilikka yetkazilishi tadbirning saviyali va barchaga birdek tushunarli bo‘lishiga xizmat qildi.
Ta’kidlanganidek, Saylov kodeksining bir qator moddalari, xususan, 31-moddada saylov byulletenlarini Brayl alifbosi asosida to‘ldirish uchun trafaretlar tayyorlanishi mumkinligi, 55-moddada saylov byulletenini mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra yashirin ovoz berish kabinasiga boshqa shaxsni taklif qilishi, 56-moddada sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan saylovchilarning ular turgan joyda ovoz berish huquqi mustahkamlangan bo‘lib, bu saylov jarayonlarida barcha uchun teng imkoniyatlar yaratilganidan dalolat beradi.
– Mamlakatimizda barcha fuqarolarning, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlari asoslari va samarali mexanizmlari to‘la shakllantirilgan, – deydi Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Tog‘ayev. – Bunday tadbirlarni o‘tkazish nogironligi bo‘lgan shaxslarda vatanga daxldorlik, saylov jarayonlarida faollik, saylash va saylanish huquqlariga nisbatan mas’uliyatni yanada oshiradi.
Aksiya doirasida test savollari orqali ishtirokchilarning saylov jarayonlariga doir bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Sirdaryo viloyat yuridik texnikumi ko‘ngilli o‘quvchilaridan tarkib topgan “Adolat qanotlari” volontyorlari tomonidan ijro etilgan Vatanni madh etuvchi qo‘shiq va she’rlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Ayniqsa, imkoniyati cheklangan, nogironligi mavjud bo‘lgan shaxslar tomonidan namoyish qilingan hunarmandchilik, zardo‘zlik, zargarlik, tikuvchilik, rassomchilik ko‘rgazmasi tadbirning o‘ziga xosligini ta’minladi.
Eng muhimi, tadbir davomida nafaqat siyosiy-huquqiy bilimlar oshirildi, balki imkoniyati cheklangan fuqarolarga bepul huquqiy maslahatlar ham berildi, volontyorlar tomonidan saylov qonunchiligiga oid buklet va flayerlar, huquqiy qo‘llanmalar tarqatildi.
Aksiya yakunida faol ishtirokchilarga adliya boshqarmasining tashakkurnomasi topshirildi.
Shuhrat Suyarov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA