Navoiy viloyati Xatirchi tumani “Xo‘jaqulobod”, “Toshquloq”, “Ko‘ksaroy” mahallalari faollari tomonidan bildirilgan tashabbuslarni hayotga tatbiq etish maqsadida Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili viloyat mintaqaviy vakili, Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputatlari, “Yuksalish” umummilliy harakatining viloyat bo‘linmasi, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda mahalla faollari ishtirokida jamoatchilik muhokamasi o‘tkazildi.
Yurtimizda jamiyatda fikrlar xilma-xilligini ta’minlash, demokratik islohotlarni izchillik bilan amalga oshirish maqsadida “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyiliga asoslangan Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi ilgari surilmoqda. Ushbu jarayonlarda qarorlar qabul qilishda aholining barcha qatlami ishtiroki muhim sanaladi va 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasining eng muhim jihati ham aynan shu bilan bog‘liqdir.

– O‘tkazilgan muhokamada faollar tomonidan qishloq oilaviy poliklinikasida qo‘shimcha davolanish o‘rinlari (koyka) sonini ko‘paytirish, elektr kuchlanishi pastligi, mahalla yo‘llarini shag‘allashtirish, yoritish chiroqlari o‘rnatish, ekinlarni sug‘orish maqsadida quduqlarni ishga tushirish, mahallalar hududini ko‘kalamzorlashtirish, “Ko‘ksaroy” mahallasi binosini yangidan qurish, og‘ir turmush sharoitidagi fuqarolarning uylarini ta’mirlash va boshqa masalalarni jamoatchilik va mahalliy davlat hokimiyati idoralari bilan hamkorlikda hal etish vazifasi o‘rtaga tashlandi, – deydi “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat bo‘linmasi bosh mutaxassisi Ilhom Sattorov. – Ushbu masalalar bo‘yicha mahallalar faollari, homiylar tomonidan zarur yordam ko‘rsatish taklifi bildirilgach, “Mening obod va fayzli mahallam” ijtimoiy loyihasi ilgari surildi. Loyiha doirasida yuqorida bildirilgan takliflar asosida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga start berildi. 
Loyihada o‘z mahallasi obodligiga befarq bo‘lmagan yoshlar, nuroniylar, tadbirkor va fermerlar faol ishtirok etmoqda. Ushbu loyiha mahalliy davlat hokimiyati vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va barcha yo‘nalishlarda zarur ko‘mak ko‘rsatilishi ta’kidlandi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA