Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mening nafsim balodur…
10:37 / 2019-10-30

“Qo‘qonspirt” aksiyadorlik jamiyati qoshida tashkil etilgan korxona rahbari yirik miqdordagi mol-mulkni talon-toroj qilib yubordi.


“Qo‘qonspirt” aksiyadorlik jamiyati qoshida tashkil etilgan korxona rahbari yirik miqdordagi mol-mulkni talon-toroj qilib yubordi.

Mamlakatimizdagi sanoat korxonalari tomonidan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. “Qo‘qonspirt” aksiyadorlik jamiyati ham xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ichki va tashqi bozorga xaridorgir trikotaj mahsulotlari yetkazib berish maqsadida “Baraka fayz impeks tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qildi. Unga 2016 yilda Laziz Alfayziev rahbar etib tayinlangan edi. Korxona bilan tuzilgan shartnomaga asosan u jamiyatning mulkiga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishi, unga ishonib topshirilgan mulkni saqlashi, xom ashyoning qabul qilinishi, qayta ishlanishi, sotilishi va butunligiga xavf soladigan barcha holatlarning oldini olish choralarini ko‘rishi belgilangan. Afsuski, u bularning hech biriga amal qilmadi. Nafs ustunlik qilib, jinoiy reja tuzdi.

Laziz Alfayziev o‘zining rejasini amalga oshirish maqsadida avval hisobchi va auditor vazifasida ishlaganidan foydalanib, jamiyatning barcha buxgalteriya va moliyaviy hujjatlarini o‘zi yurita boshladi. 2018 yilning fevral oyida 110 million so‘mlik tayyor trikotaj mahsulotlarini Rossiya Federatsiyasida savdogarlik bilan shug‘ullanadigan, qirg‘iz millatiga mansub, tergovda shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmagan shaxslarga biror-bir hujjat rasmiylashtirmasdan berib yubordi. Jamiyatning hisob raqamiga to‘lov amalga oshirilmagan bo‘lsa-da, og‘zaki kelishuvga asosan sotib, tekshirish kuniga qadar ushbu mahsulotlarning pullarini undirish choralarini ko‘rmadi. Bu bilan o‘ziga ishonib topshirilgan juda ko‘p miqdordagi jamiyat mulkini rastarata yo‘li bilan talon-toroj qildi.

2018 yilning 2 avgustiga qadar rahbar lavozimida ishlagan L.Alfayziev jinoiy harakatlarini davom ettirib, hujjatlarda 2018 yil 30 apreldan A.Vaqqosxonovni jamiyatning paypoq sexi rahbari vazifasiga tayinladi. Amalda esa ushbu sexning barcha ishlarini o‘zi boshqardi. 2018 yil 6 oktabrda “Baraka fayz impeks tekstil”da o‘tkazilgan yo‘qlamada jamiyatning buxgalteriya dasturiga kiritilgan, biroq jamiyat omborida mavjud bo‘lmagan, paypoq sexida ishlatiladigan 49 million 869 ming so‘mlik ip-kalava, 46 million 887 ming 200 so‘mlik bo‘yalgan qora ip-kalava, 17 million 696 ming so‘mlik spandeks mahsulotlaridan paypoq ishlab chiqarilib, ularni va 105 million 348 ming so‘mlik bo‘yalgan mato hamda 5 million 400 ming so‘mlik maxsus kiyim uchun matolarni sotib yubordi. 2018 yilning yanvaridan iyul oyiga qadar jami 130 million 388,4 ming so‘mlik mahsulotlarni jamiyatga tegishli avtomashina hamda “Aylin tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli bo‘lgan yuk avtomashinasiga yuklab, tergovda aniqlashning imkoni bo‘lmagan shaxslarga berib yubordi. Jamiyatning shuncha mulkini talon-taroj qilsa-da baribir nafsini jilovlay olmadi.

U o‘z jinoyat izlarini yashirish maqsadida ko‘p miqdordagi mablag‘larni jamiyatning bo‘sh turgan binolarini ijaraga berish munosabati bilan rekonstruksiya qilish, tikuv va to‘quv sexlarini yangi korpusga ko‘chirish hamda ishchilar oshxonasini ta’mirlash bilan bog‘liq qurilish ishlariga ishlatilganligi haqida 2017 yil 31 martdan boshlab dalolatnoma rasmiylashtirdi. Ushbu dalolatnomaga “Aylin tekstil” MChJ tomonidan sarflangan qurilish mahsulotlarini ko‘paytirib yozdi. 310 million 465 ming 973 so‘mlik aslida bajarilmagan qurilish va elektr tizimlari jihozlari o‘rnatilgani haqida soxta ma’lumotlar kiritilgan dalolatnomani “Qo‘qonspirt” aksiyadorlik jamiyatiga taqdim etdi. Shuningdek, o‘z ixtiyorida bo‘lgan, “Baraka fayz impeks tekstil” MChJning qat’iy hisobida turadigan 2017 va 2018 yillardagi buxgalteriya, bank va moliyaviy hujjatlarni g‘arazgo‘ylik va boshqa past niyatlarda egallab, yashirib qo‘ydi.

Jinoyatchi o‘z aybiga qisman iqror bo‘lgan bo‘lsa-da, dalillar va guvohlarning ko‘rsatmalari asosida jinoyati o‘z tasdig‘ini topdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 45-moddasi qo‘llanilib, 2 yil muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. L. Alfayzievdan yetkazilgan zarar undirilishi belgilandi.