Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mening maktabim” loyihasi doirasida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblari taqdirlandi
14:41 / 2026-02-23

Bugun Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 9-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida o‘tkazilgan tadbir “Mening maktabim” loyihasi doirasida faol ishtirok etgan maktablar hamda “Eng qiziqarli loyiha” tanlovi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda vazirliklar mas’ullari, ta’lim muassasalari o‘qituvchilari, o‘quvchilar va xorijiy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. 

Unda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Davlat byudjeti siyosati departamenti boshlig‘i Sherzod Muhammedov, BMTTD vakili Viktoriya Anoshkina va boshqalar so‘zga chiqib, “Mening maktabim” loyihasi yoshlar o‘rtasida tashabbuskorlikni qo‘llab-quvvatlash, ularning loyiha ishlab chiqish ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda maktab muhitini yaxshilashga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri ekanini ta’kidladi.

Ma’lumki, “Mening maktabim” loyihasi zamonaviy talablarga javob beradigan innovatsion yondashuvlarni amalga oshirishga qaratilgan bo‘lib, jamiyat va sohadagi asosiy muammolarni samarali hal etish imkonini beradi. Loyiha natijalari, foydali ma’lumotlar, yangi tajriba va texnologiyalarning joriy qilinishi sohani rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, hamkorlik va qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini kengaytiradi.

BMTTD vakili Viktoriya Anoshkina qayd etganidek, tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlarini faol rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajriba chuqur va atroflicha o‘rganildi. Shu bilan birga, tayyor universal yechimlar mavjud emasligi va har bir davlat o‘zining ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda mustaqil yondashuvlarni shakllantirishiga e’tibor qaratildi.

–“Mening maktabim” loyihasini amalga oshirish jarayonida maxsus portal ishlab chiqilib, uning texnik jihatdan ishga tushirilishiga ko‘maklashildi. Ayni paytda mazkur platforma tashabbuslarni  ilgari surish, loyihalarni joylashtirish, muhokama qilish va saralash jarayonlarini amalga oshirish uchun asosiy infratuzilma vazifasini bajarmoqda. Shu bilan birga, aholi uchun tushuntiruv va axborot materiallarini tayyorlash, ishtirokchilarni jarayonga jalb etish, loyihalarni taqdim etish, ularni qo‘llab-quvvatlash va ovoz berish mexanizmlari bo‘yicha ham keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Bu maqsadda bukletlar, mobil ilovalar, viktorinalar va boshqa interaktiv formatdagi materiallar ishlab chiqilib, foydalanuvchilar uchun qulay imkoniyatlar yaratilyapti. Ayniqsa, bunda  maktab o‘quvchilari ishtirokidagi faollikni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ularning g‘oya va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, raqamli ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi qo‘shimcha axborot resurslari ishlab chiqish ishlari izchil davom ettirilmoqda, – dedi V.Anoshkina.

Tadbirda aytib o‘tilganidek, loyiha bo‘yicha bu kabi sa’y-harakatlar o‘zining dastlabki ijobiy natijalarini beryapti. Ilk muvaffaqiyatlar mazkur tashabbusning to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlanayotganini ko‘rsatmoqda. Loyiha g‘oliblari erishgan natijalar ham bunga yaqqol misoldir.

Xususan, Yunusobod tumanidagi 9-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi o‘quvchilari ham “Mening maktabim” loyihasida ishtirok etib, g‘olib bo‘lishdi. 

[gallery-27811]

–Avvalo, tanlovda loyihamiz e’tirof etilganidan xursandmiz. Biz  tanlov g‘olibi bo‘lib, VR ko‘zoynaklar va rabototexnika qurilmalari sovrindoriga aylandik. Sinfdoshlarimiz bilan VR qurilmalarini sozlash va chuqurroq o‘rganishni boshladik. Bu bizga oldin mumkin bo‘lmagan fan bo‘limlarini o‘rganish imkonini beradi. Xususan, VR ko‘zoynaklari bilan inson va hayvonlar anatomiyasini batafsil o‘rganish, kimyo va fizika fanlaridan xavfsiz tajribalar o‘tkazish mumkin. Bu qurilmalar informatika, kimyo, fizika, ingliz tili va boshqa fanlar darslarida keng qo‘llaniladi. Muhimi, bu atrof-muhit, suv osti dunyosi, gidrosfera va litosfera haqida kengroq bilim olishimiz uchun katta ikoniyat yaratadi, – dedi mazkur maktabning 11-sinf o‘quvchisi Sultonbek Rustamjonov.

Tadbir yakunida loyiha g‘oliblari taqdirlandi.

Nasiba Ziyodullayeva, 

Oybek Pardayev (surat), O‘zA