Mening g‘oyam – mening imkoniyatim
«Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Mening biznes g‘oyam” tanlovining Toshkent shahar bosqichi yakunlandi.
«Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Mening biznes g‘oyam” tanlovining Toshkent shahar bosqichi yakunlandi.
Mamlakatimizda navqiron avlodni, xususan, kasb-hunar kollejlari va akademik litsey bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, bitiruvchilarga mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, ularning mustaqil hayotda o‘z o‘rinlarini topishi va biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus talim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Markaziy bank va bir qator tijorat banklari hamkorligida 2011-yildan buyon o‘tkazilayotgan “Mening biznes g‘oyam” tanlovi shunday loyihalardan. O‘tgan yili yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishga yo‘naltirilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mazkur tanlovning 28 g‘olibiga 312 million so‘mdan ziyod mikrokredit olish uchun sertifikat berilgan.
– Ishtirokchilar taqdim etadigan insholar o‘ziga xos talablar asosida saralanadi, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faoli Muslima Omonqulova. – Jumladan, inshoda tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishga oid istiqbolli biznes g‘oya, yaratiladigan ish o‘rinlari soni va olinadigan daromad aniq ko‘rsatilishi zarur.
Tanlovning tuman bosqichlarida 10 mingdan ortiq yigit-qiz qiziqarli biznes loyihalari bilan ishtirok etdi. Ular orasidan eng yaxshi deb topilgan 120 nafar ishtirokchining aholiga xizmat ko‘rsatish, chorvachilik, parrandachilik, bog‘dorchilik, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlashga oid biznes g‘oyasi shahar bosqichida ko‘rib chiqildi.
– Qurilish korxonalari uchun maxsus kiyim tayyorlashni yo‘lga qo‘yishga oid biznes rejam bilan ishtirok etdim, – deydi Sergeli tibbiyot kolleji bitiruvchisi Abram Qurbonboyev. – Biz, yoshlarga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.
Tanlov doirasida tashkil etilgan seminar-treninglarda mutaxassislar yoshlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, biznes reja tuzish va bankdan kredit olish tartiblari haqida batafsil ma’lumot berdi. Yoshlarning turli yo‘nalishlar bo‘yicha biznes loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘n nafar ishtirokchi tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.