Bugun poytaxt ko‘chalarida yurgan odam nafaqat bunyodkorlik balki obodonlashtirish ishlaridan ham hayratga tushmay qolmaydi. Shaharga ko‘rk bag‘ishlab turuvchi manzarali daraxtlarni parvarishlash, mubolag‘a bilan aytganda hayotini asrab qolish uchun qancha odamlar kunu-tun mehnatda, izlanishda.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Barchamiz birdek bu “yashil olam”ning qadriga yetayapmizmi? Uni asrab-avaylash uchun hissa qo‘shyapmizmi?
– Bir necha yil ko‘p qavatli uyda yashadim. Ikki yil oldin shahar chetrog‘idan hovli sotib olib, ko‘chib chiqdik, – deydi Nazira Mahmudova. – Hovlimizda har xil mevali daraxtlar bor. Parvarish qilishni bilmadik-mi, ikki tup gilos daraxti qurib qoldi. Bahorda qurigan giloslarni kesib tashlab, o‘rniga yangilarini ekdik. Bizga devor darmiyon turadigan qo‘shnimning xovlisidagi daraxtlarning shoxlari qurib, qovjirab yotibdi. Qo‘shni ayol ko‘chadan ishchi yollab, daraxtlarni kestirishim kerak, deydi. Tog‘ni ursa tolqon qiladigan ikkita o‘g‘li, savlatidan ot hurkadigan xo‘jayini bo‘la turib, aytgan gapini qarang.... Bu gapni shunchaki aytibdi-da. Hali-hanuz qurigan daraxtlarni kesishdan darak yo‘q. Ishdan qaytgach, hovliga kiraman-u, qo‘shnimning hovlisida qurib, sarg‘ayib yotgan daraxtlarga ko‘zim tushadi. Daraxtlarning mevasini yeyish osonu, ularni qurigan shoxlardan xalos qilish shunchalar qiyinmikan?
Me’rojiddin HAYDAROV, “Qo‘yliq ota” jome masjidi imom xatibi.
– Ba’zan ko‘chalarda, hovlilarda, ko‘p qavatli uylar atrofidagi katta-katta daraxtlarning qurigan shoxlariga va qurigan daraxtlarga ko‘zimiz tushadi. Bu qurigan daraxtlarga loqaydlik bilan qaraymiz. Ota-bobolarimiz, onalarimiz qurigan o‘t-o‘lanlarni, daraxt shoxlarini zudlik bilan ushbu hududdan chiqarib, tozalab tashlash choralarini ko‘rganlar. Ularning bu ishlari zamirida katta ma’no bor. Bo‘lishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalarning ya’ni, qurigan shox-shabbalar, yo‘lovchilarning yoki avtomobillarning ustiga tushishi, to‘satdan tabiat hodisasi tufayli o‘z-o‘zidan yonib ketishi, tevarak atrofga moddiy va ma’naviy zarar yetkazishining oldini olish maqsadida qilingan bu ishlar.
Ajdodlarimizdan qolgan “Birni kessang-mingni ek!” degan ajoyib naql bor. Shunga ko‘ra, bizlar ham qurigan daraxtlarni kesib, o‘rniga mevali yoki inson qalbiga huzur baxshida etadigan manzarali daraxtlarni ekib qoldirsak, kelajak avlod ham bizdan xushnud bo‘ladi.
Poytaxt markazidagi Amir Temur xiyoboni bog‘bonlarining ta’kidlashlaricha, bugungi kunda bog‘ hududida 400 ga yaqin archa daraxti bor. Undan tashqari dub, kashtan, lola daraxti, yapon ayvasi, Hindiston sireni, yovvoyi do‘lana kabi manzarali daraxtlar mavjud. Bular ichida eng ko‘p mehnat hamda e’tibor talab qiladigani bu archa. Archalarga yiliga ikki marta bahor hamda kuz faslida ozuqa-o‘g‘it berilar ekan. Barglariga shira tushmasligi uchun maxsus asbobda purkash yo‘li bilan ozuqa dori sepiladi.
Aytishlaricha Magoniya kustarnigi Braziliyadan keltirilgan ekan. Bu daraxt barg chiqarmay turib, xuddi lolaga o‘xshab gullaydi. Odamlar suratga tushish bahonasida kelib, shoxlarini sindirib, so‘ramasdan gullarini uzib ketishayotgani achinarli hol.

Rivoyat qilinishicha, bir kishi ulug‘ sahobiy Abu Dardo roziyallohu anhu oldilaridan o‘tib ketayotsa, u zot yong‘oq ko‘chatini ekayotgan ekanlar. O‘sha odam Abu Dardoga qarab: “Ulug‘ yoshga kirgan bo‘lsangiz ham ko‘chat ekasizmi, axir bu falon yildan so‘ng hosilga kiradi-ku” deganida, Abu Dardo unga javoban: “Menga savobi yetsa bo‘ldi, mevasini boshqalar iste’mol qilaversin”, degan ekanlar. Bizlar ham qancha ko‘p mevali va manzarali daraxtlarni tartibli va joy-joyiga qo‘yib eksak, bu dunyoda ham ulkan yutuq va savoblarga ega bo‘lamiz.
Har kuni umr daftarimizdan yangi bir sahifa ochilgani kabi atrofimizdagi olamning ham surati har kuni yangilanadi. Bu yangilanish insonni tafakkurga chorlaydi. Daraxt va o‘t-o‘lanlar ham tabiatning insonga bergan ulug‘ ne’matlaridan biri. Shunday ekan bu olamni asrab-avaylamasak, yer yuzida hayot ham bo‘lmaydi.
Nigora RAHMONOVA, O‘zA