Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan maktab direktorlarining oylik maoshiga qo‘shimcha ustama to‘lanadi
17:12 / 2024-01-15

Umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlarini tayyorlash va lavozimga tayinlash hamda ularni qo‘shimcha rag‘batlantirish bo‘yicha yangi tartib joriy etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 maydagi 79-son Farmoniga muvofiq, joriy yilning 1 yanvaridan boshlab, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini menejerlik kurslarida o‘qitish va sertifikatlash tizimini joriy etish belgilangan.

Ushbu jarayonni amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 25 dekabrdagi tegishli qarori bilan “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangan.  

Unga ko‘ra, A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tomonidan umumta’lim maktablar direktorlari lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va maxsus portal orqali ularga menejerlik sertifikatini berish tizimi joriy etilmoqda. Mutaxassis ma’lumotiga ko‘ra, menejerlik kurslariga o‘qish uchun nomzodlar kamida bakalavr darajasiga hamda maktab direktorlari uchun belgilangan malaka talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.  

Ta’limda menejment mutaxassisligi bo‘yicha magistr darajasiga ega bo‘lgan nomzodlar o‘quv kursida o‘qimasdan, sertifikat olish bo‘yicha yakuniy sinovlarida ishtirok etishlari mumkin. Ta’limda menejment ixtisosligi bo‘yicha ilmiy darajaga ega bo‘lgan nomzodlar uchun sertifikat ularning arizasiga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi. Nomzodlar (tinglovchilar) zamonaviy boshqaruv, jamoada ishlash, ota-onalar bilan muloqot qilish,  moliyaviy savodxonlik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ko‘nikmalari bo‘yicha saboq beriladi.O‘quv kurslarining davomiyligi 144 soat bo‘lib, bir oy davomida o‘qitiladi.  

O‘quv mashg‘ulotlari nazariy, amaliy va maktab amaliyotidan iborat bo‘ladi. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlar Institutda, amaliyot esa maktab hamda ta’lim boshqaruvi idoralarida o‘tkaziladi.  

O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan nomzodlar ishtirokida yakuniy sinovlar o‘tkaziladi hamda undan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga sertifikat beriladi.  Menejerlik sertifikati elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va QR-kod qo‘yilgan holda elektron shaklda beriladi hamda sertifikat 5 yil davomida amal qiladi.  

Menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan nomzodlar orasidan maktab direktori lavozimiga nomzodlar zaxirasi shakllantiriladi. Endilikda nomzodlar faqat sertifikatga ega bo‘lgan va mazkur nomzodlar zaxirasiga kiritilgan kadrlar orasidan tanlab olinadi. 2024 yilning 1 sentyabridan boshlab, menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan maktab direktorlariga  ushbu sertifikatning amal qilish muddati davomida lavozim maoshining 50 foizi, maktab direktori o‘rinbosarlariga 30 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi.  

Umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan direktorlar har 5 yilda bir marotaba menejerlik sertifikatini olishi talab etiladi va sertifikatga ega bo‘lgan direktorlar uni olgan yildan boshlab, uch yil davomida malaka oshirish kurslaridan ozod etiladi.  

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, menejerlik kurslariga nomzodlar shartnoma asosida jalb etiladi. Amaldagi maktab direktorlarini menejerlik kursida o‘qitish xarajatlari byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.  

Maktab direktorlarining o‘qish davrida ularning asosiy ish joyi bo‘yicha lavozimi va amaldagi o‘rtacha ish haqi miqdorlari saqlab qolinadi, xizmat safari bilan bog‘liq xarajatlar asosiy ish joyidan to‘lanadi.  

Mazkur ma’lumotlar  AOKA da Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova ishtirokidagi brifingda taqdim etildi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA