Menejerlik o‘quv kurslarida kimlar qatnashishi mumkin?
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari hamda direktorlikka nomzodlar uchun menejerlik o‘quv kurslarining navbatdan tashqari yakuniy sinovlari tashkil etildi.
Mazkur jarayonlarda joriy yilning may-iyun oylarida bo‘lib o‘tgan menejerlik kursi yakuniy sinovlaridan o‘ta olmagan 190 nafar tinglovchi ishtirok etdi.

Yakuniy baholash sinovlari test savollari, keys va suhbat hamda ijodiy loyiha va taqdimot o‘tkazish orqali amalga oshirilmoqda.
Ushbu yakuniy sinovlardan o‘tgan tinglovchilar menejerlik sertifikatlarini maxsus platformadagi shaxsiy kabinetlari orqali elektron shaklda yuklab olishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, joriy yilda 1 ming 500 nafar amaldagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktori hamda 750 nafar direktorlikka nomzodlarning menejerlik kurslarida o‘qitilishi rejalashtirilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA