Andijonda “Men yurtimga qalqon bo‘laman!” deb nomlangan harbiy-vatanparvarlik tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar ittifoqi Andijon viloyati kengashi, Milliy gvardiya, Qo‘riqlash va Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, Andijon shahridagi harbiy qism hamkorligida Andijon shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktabda tashkil etilgan tadbirda harbiylar, milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar tizimi xodimlari, o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir ochilishida so‘z olganlar tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi, shuningdek, yoshlarning o‘z iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, ana shu imkoniyatlardan unumli foydalanish muhim ekanligi alohida ta’kidlandi.
[gallery-19347]
– Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, yoshlarni faol, fidoyi va vatanparvar qilib tarbiyalash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish, – deydi Yoshlar ittifoqi Andijon viloyati kengashi harbiy bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Iqboljon Abduxoliqov. – Qolaversa, yoshlarimizni harbiy kasbga qiziqishini oshirishdan iborat.
Tadbir doirasida namoyish etilgan harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari yoshlarimizning milliy armiyamiz, Qurolli Kuchlarimiz salohiyati haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi, harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishini oshirdi.
– Ushbu tadbir mening harbiylarga bo‘lgan hurmatimni, harbiy kasbga qiziqishimni yanada oshirdi, – deydi Andijon shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Rahmonjon Abdumalikov. – Nasib etsa, kelajakda Vatan himoyachisi bo‘lib, yurtim tinchligi va osoyishtaligini saqlashga munosib hissa qo‘shaman.
Harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar o‘quvchi yoshlarga xush kayfiyat, tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari