Bugun Olmaliq davlat texnika instituti tashkil etilgani munosabati bilan keng jamoatchilik ishtirokida “Men Yangi O‘zbekiston talabasiman” mavzusida ilmiy-ma’rifiy anjuman o‘tkazildi.
Tadbirda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, chet ellik mehmonlar, ota-onalar hamda talabalar ishtirok etdi. Anjumanda talaba-yoshlarga sifatli ta’lim, ilmiy-amaliy faoliyat va innovatsion g‘oyalarni rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilayotgani aytildi.

Ma’lumki, Olmaliq davlat texnika instituti Prezidentimizning 2025 yil 8 sentyabrdagi tegishli qarori asosida Toshkent viloyati iqtisodiyot tarmoq va sohalarida, jumladan, muhandislik, metallurgiya, ishlab chiqarish, konchilik sohalarida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.
ODTI tashkil etilganining dastlabki kunlaridanoq institut rivojlanish Konsepsiyasi ishlab chiqildi.
Hozirda institutda 6 mingga yaqin talaba 11 ta yo‘nalish bo‘yicha tahsil olmoqda. Yoshlarga ta’lim berayotgan 165 nafar professor-o‘qituvchilardan 78 nafari ilmiy darajaga ega.

Qisqa davr ichida ODTI 15 ga yaqin davlatlar: Xitoy, Yaponiya, Malayziya, Turkiya, Eron, Vengriya kabi davlatlarning nufuzli oliygohlari va sanoat kompaniyalari bilan hamkorlik shartnomalarini imzolashga erishdi.
Anjuman doirasida talabalarning qasamyod marosimi ham o‘tkazildi. Ular Vatanga sadoqat, bilim olishda mas’uliyat va jamoat manfaatlariga xizmat qilish haqida tantanali qasamyod qabul qildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA