Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Men Vatanning bir bo‘lagiman
14:43 / 2022-08-26

Bugun vatandoshlarimiz orasida chet elda yashab, O‘zbekistonga mehmon sifatida kelish oddiy holga aylangandek. Chet eldagi muhojirlar yurtni sog‘inib, ota-onasi va yaqinlarini qumsab kelishadi.

Ayni damda Germaniyadagi Marburg universiteti klinikasida faoliyat yuritayotgan, Mustaqillik bayramini O‘zbekistonda o‘tkazish maqsadida kelgan Dilbar G‘afforova O‘zA muxbirining ayrim savollariga javob berdi. 

– Germaniyada doim ish bilan band bo‘lasiz, bolaligingiz o‘tgan qishloq va maktab bilan bog‘liq xotiralarni eslab turasizmi? 

– Albatta, menda har kuni Vatanni o‘ylashga, iliq xotiralarni qumsab yodga olishga vaqt topiladi. Dadamning kasbi tufayli, tez-tez yashash manzilimizni o‘zgartirib turardik. Shuning uchun 3 ta maktabda o‘qiganman. Jizzax shahridagi rus tilida dars o‘tiladigan maktabdan so‘ng, Samarqand viloyati qishloqlaridan biridagi o‘zbek maktabida moslashuv qiyin kechgan. Mening talaffuzim va sekin o‘qishim ustidan ko‘p kulishgan, ehtimol shu sabab tirishqoqlik qilib, nimanidir isbotlash maqsadida 2 yil ichida sinfning eng a’lochi o‘quvchisiga aylandim. So‘nggi maktabim Samarqand shahrida edi. U yerdagi muhit ham o‘zgacha edi. Maktab davrini ana shunday iliq xotiralar bilan eslayman. Yashagan qishloq-shaharlarni ham, qo‘shnilarimizni ham shirin xotiralar bilan eslayman. 

Bu galgi yurtga safarim davomida o‘zim o‘qigan maktablarga kitoblar sovg‘a qildim. Bu «chellenj»ga aylanib ketdi. Chet elda istiqomat qiluvchi boshqa do‘stlarimiz ham o‘zi o‘qigan maktablariga kitoblar yubormoqda. 

– Germaniya ta’lim tizimidagi qanday jihatlarni O‘zbekiston ta’lim tizimiga joriy qilish samarali deb bilasiz? 

– Germaniya ta’lim tizimining ma’qul tomonlaridan biri bu –bolalarni kreativ fikrlashga o‘rgatishlaridir. Bolalar yodlashmaydi, balkim fikrlashadi. Germaniyada o‘quvchilarga faqat matematika, til, fizikani emas, balki ijtimoiylik ham o‘rgatiladi. Bolalarga jamoada hamjihat bo‘lib ishlash, guruhdoshlarini qo‘llash o‘rgatiladi. Birgalikda g‘oyalarni amalga oshirishga urg‘u beriladi. Agressiya qattiq qoralanadi, gumanizm g‘oyalari targ‘ib qilinadi, tarix va boshqa gumanitar fanlarga alohida e’tibor beriladi. 

– So‘ngi yillarda O‘zbekistondagi o‘zgarishlar haqida fikrlaringiz? 

– O‘zbekiston har tomonlama rivojlanyapti, buni dunyo tan olyapti. Har sohada yangilanishlar, tub islohotlar albatta, kishiga havas uyg‘otadi. Samarqand misolida men juda chiroyli va zamonaviy davlatga kelgandek bo‘ldim. Shahar tunda shunchalar yorqin va go‘zal-ki, qayta-qayta ko‘chalarida aylangim keldi. Germaniyadagi do‘stlarimga maqtangim keldi. 

– Germaniyadagi faoliyatingiz haqida qisqacha va vatandoshlarga tilagingiz. 

– Germaniyadagi Marburg universiteti klinikasida tibbiyot sohasida ishlayman. U yerdagi do‘stlar bilan san’at va rassomchilik yo‘nalishida “YUZUK” nomli nodavlat notijorat jamiyatini tashkil qildik. Bu jamiyat o‘z oldiga O‘zbekiston zamonaviy san’atini Germaniyada targ‘ib qilish, O‘zbekiston rassomlarini dunyoga tanitishni maqsad qilib qo‘ygan. 

Yer yuzining qay burchida yashamasin har bir o‘zbek uchun mamlakat Mustaqillik bayrami eng aziz hisoblanadi. Men ham yaqinlarim bilan ushbu bayramni nishonlash maqsadida yurtimizga kelganman. Shu fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni eng ulug‘ va eng aziz bayram bilan muborakbod etaman. 

 

O‘zA muxbiri  
D.Mamatova  
suhbatlashdi