_
Mustaqillik g‘oyasi, istiqlol ruhi
bizga doimo tog‘dek tayanch bo‘lmoqda.
Shavkat Mirziyoyev
Mustaqillik, hurlik, birovlarga qaram bo‘lmaslik – eng ulug‘ boylik. Har on, har lahza shukr qilishga arziydigan ne’mat.
Shu bois har bir xalq uchun mustaqillikka erishgan kun aziz sana, bayram hisoblanadi. Bayramlar ko‘p, ammo mustaqil bo‘lgan kun shukuhi, fayzi o‘zgachaligini qalb-qalbdan his qilib turasan kishi.
O‘zbekiston!
Mustaqil O‘zbekiston!..
Qanday jarangdor so‘zlar!.. Bunday so‘zlar shunchaki tishlar orasidan sirg‘alib chiqmaydi, qalbdan buloqdek otilib, jaranglaydi, borliqqa aks-sado beradi. Takrorlaganing sayin ruhing ko‘tariladi, takror, qayta-qayta eshitishdan charchamaysan.
Sababi, unda tinch-osoyishta hayoting, nurafshon tonging, charog‘on tun, xotirjam uyqung bor. Unda oila va yaqinlaring baxti, bolajonlar kulgusi, xalqing farovonligi, millatlar ahilligi bor. Unda kechagi, bugungi va ertangi kunlar solnomasi, silsilasi bor...
Bolalikda onalarimiz aytgan alla, otalarimiz hikmatlari, bobo-momolarimiz o‘git-nasihatlari orqali qalbimizga Vatan hissi jo bo‘lgan bo‘lsa ne ajab.
Ota hovlimizdagi supa shiftiga necha yillardan beri in qo‘yadigan qaldirg‘ochlar har yil erta bahor uyimizni adashtirmay, topib kelishadi. Ular shu yerda in quradilar, bola ochadilar, polaponlarini uchirma qiladilar. Bir yili uyni boshdan-oyoq ta’mirlab, darvozaga qadar yangilaganimizda bahor kelishi bilan qaldirg‘ochlar ham qaytdi, ayvonu xonalarda gir-gir aylanib, vijir-vijirlab, o‘z tillarida “kengashib”, oxiri in quradigan joylarini topgandilar. O‘shanda ustalar buzilgan in o‘rniga belgi qoldirib ketishgan ekan, “qaldirg‘ochlar kelsa, bilarmikin, ko‘ramiz”, deb. Chindan ham qaldirg‘ochlar adashmay topib, xuddi o‘sha belgi ustiga in qurishgandi... Bu mitti jonzotlarni qadrdon manzil-makoniga bog‘lagan hisning nomi shubhasiz, Vatan. Vatan tuyg‘usi... Mana shu bizning ayvon shifti bir juft qaldirg‘ochning Vatani...
Shukrki, O‘zbekiston deb atalmish jannatmakon yurt – bizga Vatan.
“Vatan ne? deb so‘raganlarga bir kaftgina tuproq berdim!” deydi shoir. Ha, inson uchun vatan, vatanga muhabbat kindik qoni to‘kilgan zamindan boshlanadi. Odam bolasining o‘z diyorini sevishi, ehtimol, shundandir.
Vatanga chin farzand bo‘lish, unga muhabbat, ehtirom ila qarash har birimizning farzandlik burchimiz. Vatan ta’rifini yozmoqqa qalam ojizlik, lug‘atingizdagi so‘zlar kamlik qiladi. Bu tuyg‘uni his qilgan sari qalbda tug‘ilib o‘sgan yurtga bo‘lgan muhabbat ortaveradi.
Sharq darvozasi deb nom olgan, ulkan siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy mavqega ega bo‘lgan, fan, madaniyat, ijod, ilm-ziyo salohiyati yuksak ravnaq topgan mamlakatimiz uzoq yillar og‘ir kechmishlarni boshidan kechirsa-da, xalqimiz hech qachon erk sari yurishdan to‘xtamadi, ozodlikka intildi, yaxshi kunlar orzusida yashadi va shu kunlarga erishdi.
Vatan men uchun ildizlari yurakning tub-tubiga tomir otgan aziz maskan. Uning oldida har qanday tashvish, mayda-chuyda masalalar chekinadi, ko‘ngilni qurshab olgan bezovtalik bulutday tarqab ketadi. Vatan uchun yurakdan qilingan mehnat, yurakdan baxsh etilgan muhabbat yerda qolmaydi. Men, hurriyat bergan beqiyos imkoniyatlar negizida bugunini yaratayotgan, ertasiga mustahkam poydevor qo‘yayotgan buyuk xalqning bir bo‘lagi ekanimdan faxrlanaman.
Ko‘pgina xalqlarga xos mehr-oqibat, bag‘rikenglik, odamiylik nafaqat o‘z yaqinlari, balki begona odamlarning boshiga musibat tushganda ham ulardan o‘z mehri va yordamini ayamasligida yaqqol ko‘rinadi, sinovdan o‘tadi. Bizning jonajon xalqimizda ham mehr-oqibat hech shubhasiz, eng oliy, noyob fazilatdir.
Yangi O‘zbekiston...
Yangilanayotgan O‘zbekiston... Bugun mustaqil O‘zbekistonimizda qaysi sohaga qaramaylik ko‘pdan ko‘p faxrlansa arzigulik ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Muhtaram Yurtboshimiz boshchiliklarida olib borilayotgan, jumlai jahonning e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘layotgan yangilanishlarni sanog‘i yo‘q. Bu ulug‘vor ishlar zamirida faqat bir maqsad bor, u ham bo‘lsa, xalq farovonligi, xalq tinchligi, xalq obodligi.
O‘zbekistonimiz mustaqilligining 33 yilligini “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida o‘tkazilishida ham ana shu hikmat mujassam.
Milliy o‘zligimiz, qaddimiz va qadrimizni tiklagan, mamlakatimiz tinchligi va taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini ta’minlayotgan, biz yoshlar kelajagiga mustahkam zamin yaratayotgan Mustaqilligimiz bardavom bo‘lsin!
Madina Zufarova,
“RENESSANS TA’LIM” universiteti
Filologiya va tillarni o‘qitish
fakulteti talabasi,
O‘zA