Ba’zan bola tarbiyasida biz kattalarda o‘zimiz sezmaydigan ayblar ham bo‘ladi. ”Men seni boqayapman”, "Katta bo‘lib nima karomat ko‘rsatasan, sendan nima ham qaytardi?"
Mana shu kattalardagi eng yomon odat. Farzandingizdan siz unga qilgan yaxshiliklaringizni qaytarishini talab qilmang. Siz unga hayot berdingiz, axir u qanday qilib buni sizga qaytaradi?
U endi boshqasiga hayot in’om etadi, nabiralaringiz boshqasiga, abiralaringiz boshqasiga...
Farzandingizning rizqi, umrini siz emas, Yaratgan beradi. Ota- ona faqat sababchi xolos. Siz unga insof berishini so‘rab duoda bo‘ling.
Farzandingizning aynan sizdek yoki siz xohlagandek bo‘lib yetishishini kutmang. Hech qachon u aynan sizni prototipingiz bo‘la olmaydi.
Uning takrorlanmas, o‘ziga xos inson bo‘lishiga imkon bering. Orzulariga qarshi chiqish kerak emas, balki ezgu havaslari ro‘yobiga sharoit yaratib berish kerak. Maktabdan tashqari kurslar, repetitorlik ishlari, sport to‘garaklari va nimaiki bolaga zarar bo‘lsa, shu orzulari sari dastlabki qadam bo‘ladi.
O‘z kamchiliklaringizni farzandingizga singdirmang. Chunki inson ma’lum yoshga yetganda hayotda yo‘l qo‘ygan kamchiliklarini o‘zi butunligicha sezadi va shuni zohiran tan oladi. Ammo o‘z xatosini birovga aytgisi kelmaydi.
Shu kamchilikni zurriyodida ham qaytarilishiga yo‘l qo‘ysa, tarbiyada katta xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘ladi. Qariganda hayotingiz, kuningiz totli bo‘lsin, tarbiyasiz yoki ishi yurishmagan farzandlarga kuningiz qolmasin desangiz, ushbu tavsiyalarga rioya qilish samara beradi.
Bolaga oliy ma’lumot beramiz, uyli-joyli qilamiz, hamma narsa badastir muhayyo bo‘ladi-yu, ammo farzandimiz o‘z hayot yo‘lini topa olmay, sarson bo‘lishi ham mumkin. Bu yerda ta’lim va tarbiyada nuqson bor. Nima eksangiz, shuni o‘rasiz.
G‘aflatda qolishning oldini olish kerak. Aslo farzandingiz muammosiga past nazar bilan qaramang. Hayot hammaga toqatiga yarasha sinov beradi. Sizga arzimas bo‘lib ko‘ringan muammo farzandingiz boshida ulkan tog‘ bo‘lib turgan bo‘lishi mumkin. Chunki uning hali tajribasi yo‘q uni qo‘llab-quvvatlab turish darkor.
Aslo kamsitmang! Shuni unutmangki, inson umridagi eng muhim baxt – oila davrasida ovqatlanish, farzandlar bilan sayr qilish, katta farzandlar bilan esa turli masalalarda maslahat qilish.
Ularga e’tiboringizni ko‘paytiring. Chunki qarshimizdagi bolada kelajakdagi qaysi inson yashirin ekanini bila olmaymiz. Shuning uchun har doim ota-onalar: «Umringga, kasb-koringga va rizqingga baraka bersin», deb farzandni duo qilib, ko‘ngilini ko‘tarib dalda berish lozim.
Farzandingizga biron nima qilib berishga qurbingiz yetmaganda, ruhan siqilmang. Avvalo u qo‘lingizdan kelmagan ish emas, balki qo‘lingizdan kelsa-da bajarmagan ishingiz kamchilik hisoblanadi. Agar yaxshi ta’limni yoshligida olsa, siz erisha olmagan narsaga u erishadi.
Shuning uchun ota-onalarning yaxshi duolaridan biri: ”Biz ko‘rmaganlarni sen ko‘rgin”, deyishadi.
Farzand – hayot bergan bebaho ne’mat. Yaratgan hammaga ham bu ne’matni bermaydi. Shuning uchun uni hayotda to‘g‘ri yo‘lini topib ketishi naqadar muhim. Insonning qarilik chog‘i rohati.
Bolalaridan tinchishi ota-ona uchun katta baxt. Biz nafaqat o‘zimizning bolamiz balki, o‘zganing bolasini ham sevib, mehr berishishimiz lozim.
Birovning bolasini ham hayotda o‘z o‘rnini topa olmasligi butun jamiyatga ziyoni tegishi mumkin. O‘z farzandingizga ravo ko‘rmagan narsani, o‘zganing bolasiga ham ravo ko‘rmang.
Farzandingiz kim va qanday inson bo‘lishidan qat’i nazar, iste’dodsizmi, omadsizmi yoki allaqachon yoshi ulg‘ayib qolganmi, mehringizni darig‘ tutmang.
U bilan birga ekaningizdan xursand bo‘ling. Chunki to u yoningizda ekan, bu haqiqiy bayramdir. Tarbiyani esa qayta-qayta takrorlab turish ziyon qilmaydi.
Baxtiyor KARIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi