Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Men senga bankda pul qoldirayotganim yoʻq, baland qasrlar, hosildor yerlar ham...» - Usmonxoʻjaning hasrati
14:31 / 2020-10-06

Yurt mustaqilligini jonidan ham aziz bilgan, biroq umrining oxirigacha Vatan armonida, xoki Vatandan yiroqda boʻlgan, Buxoro jadidchilarining otasi Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev hayot yoʻliga chizgilar bermoqqa jazm qildik.


Yurt mustaqilligini jonidan ham aziz bilgan, biroq umrining oxirigacha Vatan armonida, xoki Vatandan yiroqda boʻlgan, Buxoro jadidchilarining otasi Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev hayot yoʻliga chizgilar bermoqqa jazm qildik.

XIX asr birinchi yarmida Buxoroi Sharif savdogarlari orasida Murod Ashurboy karvonboshi, Karomatulloh hoji savdogar, Poʻlatboy karvonboshi kabilarning mavqei va obroʻ-eʼtibori baland boʻlgan. Savdo-sotiq sohasida tajriba orttirgan, tijorat qilib boyib ketgan kishilar oʻz farzandlarini imkon qadar ota kasbga jalb qilishardi.

Mana shunday yirik savdogarlardan biri, bir necha bor karvonboshilik lavozimiga saylangan Karomatullohxoʻja xonadonida Poʻlatxoʻja dunyoga kelgan.

Poʻlatxoʻja kamolga yetganidan soʻng ota kasbi hisoblangan tijorat ishi bilan shugʻullana boshlaydi. Poʻlatxoʻja savdo-sotiq ishlarini rivojlantirish, xaridorgir mollar sotib olish hamda oʻz tovarlarini sotib daromad qilish maqsadida Fargʻona viloyatining Andijon, Margʻilon, Quva, Xoʻjand, Oʻsh kabi shaharlariga safar qilib turardi. Qoʻqon xonligining Oʻsh shahrida oʻzining xususiy doʻkonlariga ega boʻlgan Poʻlatxoʻja bu yerda musulmonchilik udumlarini saqlagan holda Fotima oyim ismli oʻzbek ayoliga uylanadi. 1878-yil ushbu nikohdan Usmonxoʻja dunyoga keladi.

Buxoroda boshlangʻich va madrasa taʼlimini olgan Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev oʻz safdoshlari bilan birga Turkiyaga intildi. U 1908-1909-yillar oraligʻida doʻsti Hamidxoʻja Mehri bilan birga Eron orqali Turkiyaga safar qiladi. Maqsad “Yosh turklar” faoliyati bilan yaqindan tanishish, Turkiyadagi oʻzgarishlardan voqif boʻlish, tahsil olish kabilardan iborat edi. Usmonxoʻja va Hamidxoʻjaning ushbu chet el safari Rossiyaning Istanbuldagi elchisini tashvishga solgan. U bu haqda Chor Rossiyasi imperatori Nikolay II ga xabar yetkazgan.

Imperator Buxoro amiri Abdulahadxondan Usmonxoʻja va Hamidxoʻjalar haqida maʼlumot soʻraydi. Abdulahadxon: “Ular yosh bolalardir. Turkiyaga tahsil olish uchun borganlar”, deb javob qaytaradi.

Buxorolik yoshlarga Chor Rossiyasi mustamlakachilari bu qadar qiziqish bilan qarashi bejiz emasdi. Avvalo, Chor Rossiyasi oʻziga nisbatan dushmanlik kayfiyatida boʻlgan Eron davlati orqali turkistonlik fuqarolarni oʻtib qaytishiga yoʻl qoʻymaslikka harakat qilardi. Shuning uchun Istanbul orqali Makkayu-Madinaga hajga boruvchilarni Botumi, Feodosiya, Sevastopol va Odessa shaharlari orqali oʻtkazish choralari koʻrilgandi.

Turk tarixchisi Mehmed Saroyning yozishicha, Turkiya hukumati bu ikkala doʻstning Istanbulga qilgan tashrifiga rasmiy ruh berib, ularni shaxsan hukumat harbiy noziri, general Anvar posho kutib olgandi va oʻzaro muloqotda boʻlgandi.

Turkiyada toʻrt yil davomida taʼlim olgan Usmonxoʻja va Hamidxoʻjalar bir olam umidlar bilan Buxoroga qaytdilar.

1911-1912-yillarda “Buxoro nashri maorifi jamiyati” yordamida bir qator buxorolik yoshlar Turkiyada tahsil oldilar. Jumladan, 1911-yilda 15 ta, 1912-yilda 30 ta buxoroliklar Istanbulga tahsil olish uchun yuborildi. 1911-1913-yillarda Atoulla Xoʻja, Mazhar Mahzum, Burxon Mazhum oʻgʻli, Abdurauf Fitrat, Muqimbeklar Turkiyada oʻqib qaytdilar.

Turkiyadan yangi reja va maqsadlar bilan qaytgan Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev Buxoro amirligida nisbatan erkinroq boʻlgan Kitob, Shahrisabz, Kerki kabi bekliklarda maʼrifatchilik targʻiboti bilan shugʻullanishni davom ettirgan. Ayniqsa, Kerki bekligi Sharq davlatlari va Chor Rossiyasi bilan savdo-sotiq, madaniy aloqalarda muhim rol oʻynardi. Amudaryoning oʻrta qismida joylashgan Kerki shahrida 1910-yildayoq “Usuli jadid” maktabi ochilgandi. Bu shaharda rus harbiy gornizoni joylashtirilgan, Chor Rossiyasi savdogarlariga esa bojsiz savdo-sotiq qilish huquqi berilgandi.

Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev tashkil etgan jadid maktablarida taʼlim-tarbiya jarayonlari butunlay yangi tartiblar asosida yoʻlga qoʻyilgan edi. Bolalarni yosh xususiyatlariga qarab sinflarga boʻlish, bir kunda 4-5 soatdan ortiq dars oʻtmaslik, har bir darsdan soʻng 10 daqiqalik tanaffus joriy qilish, dunyoviy fanlarni oʻqitishga asosiy eʼtiborni qaratish, asosan oʻquvchilarning birinchi bosqichda savodini chiqarish, juma va yakshanba kunlarida dam olishni joriy qilish, oʻn oylik tahsildan soʻng bolalarga taʼtil berish, oʻquvchilardan vaqt-vaqti bilan imtihon olib turish, bolalarni yorugʻ va mumkin qadar shinam xonalarda oʻqitib, oʻqitish jarayonida koʻrgazmali qurollar: globus va xaritalardan foydalanish kabi qoidalarga eʼtibor qaratilgan.

Adey Klodening yozishicha, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev oʻz hisobidan oʻquv qurollari, globus, xaritalar, turk tiliga tarjima qilingan Yevropa adabiyotlarini Buxoroga olib kelgan.

Taʼkidlash joizki, 1916-yildan soʻng Buxoro amirligi va butun Turkiston mintaqasidagi progressiv harakatlarining yoʻlboshchilari hamda yetakchilari orasida Usmon Xoʻja Poʻlatxoʻjayevning ismi-sharifi samarqandlik Mahmudxoʻja Behbudiy, toshkentlik Munavvar qori Abdurashidxonovlar singari qayd qilina bordi.

Shu joyda, Toshkent jadidchilik harakatining yirik rahbari, XX asr oʻzbek milliy matbuoti va yangi usuldagi milliy maktab asoschisi, yangi milliy teatr tashkilotchilaridan biri, adib va shoir Munavvar qori Abdurashidxonov faoliyatiga ozgina nazar solsak.

Munavvar qori Abdurashidxonov 1878-yil Toshkentning Shayxontohur dahasidagi “Darxon” mahallasida ziyolilar oilasida dunyoga kelgan. Dastlabki taʼlim-tarbiyani onasidan olgan. Soʻng oʻz davrining mashhur oʻqituvchisi Usmon domladan ilmi qiroat va tajvidni oʻrganib, hofizi Qurʼon boʻlgan. 1885–1890-yillarda Buxorodagi Mirarab madrasasida tahsil olgan, ammo tahsilni oxiriga yetkazmay, Toshkentga qaytib, imomlik va muallimlik bilan shugʻullangan. Eshonquli dodxoh madrasasida tahsilni davom ettirgan. 1901-yilda usuli jadid maktabini ochgan va shu maktablar uchun maxsus oʻquv dasturini tuzgan, darsliklar yozgan.

Munavvar qori 1920-1921-yillarda Buxoro Xalq Shoʻrolar Jumhuriyati Maorif nozirligi vaqf boʻlimi boshligʻi, 1920-yili Boku shahrida boʻlib oʻtgan Sharq xalqlari syezdi delegati va hayʼati aʼzosi boʻlgan. Munavvarqori Abdurashidxonov 1929-yil 6-noyabrda qamoqqa olinib, Moskva shahridagi Butirka qamoqxonasida 1931-yil qatl qilingan va Vagankova qabristoniga dafn etilgan.

Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev oʻsha davrda dunyo siyosatida roʻy bergan voqealarni ham teranlik bilan kuzatib borgan. U Turkiyaning Yevropa mamlakatlari asoratidan qutulishi uchun olib borgan kurashlarini maʼqullagan.

Maʼlumotlarga koʻra, 1912-1914-yillarda Buxoro shahrida 7 ming turk fuqarosi istiqomat qilgan. Urushdan avvalda roʻy bergan 1911-yildagi birinchi va 1912-1913-yillardagi ikkinchi Bolqon urushlari davrida Turkiston aholisi Turkiyaga moddiy yordam koʻrsatgan. Arxiv manbalarida 1912-yilda Turkiston aholisi Bolqon urushida ishtirok etgan turklar uchun 40 ming soʻm mablagʻ toʻplab yuborilgani qayd etilgan. Jumladan, buxorolik Abdurazzoq afandi oʻz shaxsiy jamgʻarmasidan 25 ming soʻm hadya etgan. Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev ham bu kabi xayrli ishlardan chetda turmagan va bu haqida quyida batafsil toʻxtalib oʻtamiz.

Birinchi jahon urushi yillarida Buxoroda jadidchilik harakati rivojlanib, 1916-yildan boshlab “Yosh buxoroliklar” tashkiloti oʻz faoliyatini kuchaytirdi. Tashkilot faollari boʻlgan Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev, Abdurauf Fitrat, Muso Saidjonov, Atoullaxoʻja, Hamidxoʻja, Mirzo Abdulvohid Munzim, Fayzulla Xoʻjayev kabilar amir Said Mir Olimxonni progressiv islohotlar qilishga koʻndirish bilan bogʻliq tashviqot hamda targʻibot ishlarini olib bordilar.

Bu davrda Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev “Yosh buxoroliklar” partiyasida eng obroʻli aʼzolardan biri boʻlib, 1917-yilda u uch marta “Yosh buxoroliklar” partiyasi Markaziy qoʻmitasi (MQ) tarkibiga kiritilgan. 1917-yilning 15-martida partiya MQga saylov boʻlib, Mirzo Abdulvohid Munzim - Rais; Abdurauf Fitrat-kotib; Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev - xazinachi, MQ aʼzolarining yarmidan koʻpi “Tarbiyai atfol”, yaʼni 1908-yilda tuzilgan “Bolalar tarbiyasi” tashkilotidan edilar.

1917-yilda Yosh buxoroliklarning joylarda 50 dan ortiq odamlari boʻlib, ular faoliyatini MQ tomonidan boshqarib turdilar. Usmonxoʻjaga partiya MQda eng masʼuliyatli vazifalardan biri yuklangandi.

1917-yilning 8-aprelida jadidlarning “Yashasin islohot!”, “Yashasin amir!” deb chiqqan namoyishlari tashkilotchilaridan biri Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev edi. Namoyish jarayonidagi siyosiy voqealar tufayli Z0 ta yosh buxoroliklar qamoqqa olindi, ular hayoti xavf ostida qoldi.

Namoyishchilarning yoshlardan iborat guruhini boshqargan Ahmad Nayim AQSHlik professor E.Ollvort bilan oʻzaro muloqotida amir zindonida Usmonxoʻja, Atoullaxoʻja kabilar bilan bitta joyda yotganligini aytgan. Hatto, turk tilini yaxshi bilgan Atoullaxoʻja unga turkchada: “Xoʻsh Nayimjon bu yerda nega yolgʻizsiz!” deb hazillashgan.

Amir zindonidan qutulgan Usmonxoʻja 15 nafar sheriklari bilan Yangi Buxoro (Kogon)ga keladi va u yerdan bir qism jadidlar Samarqandga, bir qismi Toshkentga joʻnashadi. Usmonxoʻja va Abdurauf Fitrat Toshkentga muhojirlikka ketishdi. Ahmad Nayim esa ikki turk zobiti hamkorligida amir aygʻoqchilaridan qochib Istanbulga ketadi.

Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev Buxoro ozodligi masalasini butun Turkiston xalqlari ozodligi va demokratiyasi bilan yaxlit holda tasavvur etardi. Shuning uchun u Turkistonda taraqqiyparvar kuchlar tomonidan oʻtkazilgan har bir jarayonni nazardan chetda qoldirmasdi. 1917-yil 8-sentyabrda Turkiston musulmonlarining qurultoyi Toshkentda ish boshlaydi. Qurultoyni barcha taraqqiyparvar kishilar qatorida buxorolik Usmon Xoʻja ham tabrikladi.

1918-1920-yillarda Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev Toshkent va Samarqand shaharlarida istiqomat qiladi.

1920-yil sentyabrida Buxoroda amirlik tartibi agʻdarildi. Oʻsha yilning 6-8-oktyabrida sobiq Buxoro amirining yozgi qarorgohi Sitorai Mohi-Xossada Buxoro mehnatkashlarining birinchi qurultoyi boʻlib, Buxoro Xalq Jumhuriyati eʼlon qilindi va Fayzulla Xoʻjayev boshchiligidagi Hukumat tuzildi. Usmon Xoʻja ushbu hukumatda Moliya Noziri (1920-1921) lavozimida ish boshladi. “Buxoro axbori” gazetasining 1920-yil 21-noyabrda chop etilgan sonida Moliya Noziri sifatida uning buyrugʻi bosilgan.

Yangi hukumat Buxoro Respublikasi hududida amal qilib kelayotgan turli pullar oʻrniga yagona pul joriy qilish xatti-harakatida boʻlgan. Usmonxoʻja Moliya Noziri sifatida ushbu vazifaning boshida turgandi. Bundan tashqari, u “hukumat mufattishi”, yaʼni hukumat taftishchisi vazifasida ham faoliyat yuritgan.

1920-1923-yillar davomida Buxoro Xalq Shoʻrolar Jumhuriyati tomonidan chiqarilgan qogʻoz pullarda, hukumatning masʼul shaxslari imzolari qoʻyilgan. Jumladan, Usmonxoʻja ham Moliya noziri va hukumat mufattishi sifatida qogʻoz pullarga imzo qoʻygan.

Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev hukumatda 1921-yil boshida Davlat Nazorati Noziri, 1921-yil avgustdan 1922-yilning boshlarigacha Buxoro Xalq Shoʻrolar Jumhuriyati Markaziy Ijroiya Qoʻmitasining (birinchi) Raisi lavozimlarida ishlaydi.

Taʼkidlash joizki, dastlabki yillarda (1920-1922) BXSHJ hukumati xalqni barcha soliqlardan ozod qilgan edi. Aniqroq qilib aytadigan boʻlsak, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev va Fayzulla Xoʻjayevlar shaxsiy jamgʻarmalaridan xalqning barcha soliqlarini davlat byudjetiga toʻlab berganlar.

Buxoro Xalq Shoʻrolar Jumhuriyati tomonidan xorijiy mamlakatlar, jumladan, Turkiya, Eron, Afgʻoniston bilan diplomatik aloqalar oʻrnatildi. 1920-yil yanvaridayoq Turkiya parlamenti (Milliy majlis) Turkiyaning mustaqilligi haqidagi deklaratsiya “Milliy ahdnoma”ni qabul qilgandi. 1920-yil 23-aprelida Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi Mustafo Kamol Otaturk sovet Rossiyasidan Turkiya Jumhuriyatini barpo etish uchun yordam soʻraydi.

Bolsheviklar Mustafo Kamolga yordam berishni rad etgan boʻlsalar-da, Covet davri adabiyotlarida vijdonsizlarcha “Sovet hukumati Turkiyaga oltin hisobida 10 million rubl miqdorida qurol-aslaha, oʻq-dori bilan yordam berdi”, deyiladi.

Aslida, oʻsha paytda frontlar halqasi qurshovida qolgan bolsheviklar Turkiyaga moddiy va harbiy yordam koʻrsatish u yoqda tursin, aksincha oʻzlariga yordam kerak edi.

Turkiyaning Moskvadagi vakili Bekir Semibeyga Lenin va Kalininlar bu masaladagi iltimosi uchun salbiy javobni aytib ulgurishgandi edi ham-ki, bu vaqtda Usmon Xoʻja Turk qardoshlarga yordam berishini, Mustafo Kamol Ota Turkni yolgʻizlatib qoʻymasligini bildirib, Buxoro Xalq Shoʻrolar Jumhuriyati nomidan 100 million oltin rublni Turkiyaga yuborishga tayyorligini maʼlum qiladi.

Bundan xabar topgan bolsheviklar yoʻlboshchisi Lenin Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayevni bu pullarni Moskva bankasi orqali Turkiyaga yuborishga majbur qiladi. Natijada, Usmonxoʻja 100 million oltin rublni Moskva bankiga topshiradi. Bu haqda Turkiyaning tarixchi olimi Mehmed Saroy yetarlicha dalillar asosida maʼlumot beradi.

Eng qizigʻi, Sovet hukumati Usmonxoʻja tomonidan Moskva bankiga topshirilgan 100 million oltin rubldan atigi 10 million oltin rublni Turkiyaga yuboradi va qolgan 90 million oltin rubl mablagʻ bilan ham oʻzining harbiy qobiliyatini mustahkamlaydi, ham Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayevning Turkiyaga yordamini oʻz “hisobiga” oʻtkazib oladi.

Turkiya xalqining mustaqillikka erishuvida, ayovsiz janglarda kuchli raqib ustidan gʻalaba qozonishida oʻzbek xalqining fidoyi farzandlari Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev va Fayzulla Xoʻjayevlarning munosib hissasi borligi biz uchun faxr va iftixordir.

Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev Buxoro Jumhuriyatida vaqf yerlarini hisobga olish va ulardan foydalanishni tartibga solish, vayrona holatga kelgan Buxoroi Sharifni tiklash, madaniy-maʼrifiy oʻchoqlar ochish, meʼmorchilik obidalarini taʼmirlash, 30 minglik qizil armiyani Buxorodan haydash, milliy armiyaga asos solish, mustaqil, har qanday vositachi “Markaz”siz xalqaro hamkorlikka kirishishni, mamlakat chegaralarini mustahkamlash, oʻzbek tilini davlat tili sifatida rasmiylashtirib hayotga tatbiq qilish kabi vazifalarni hal qilish uchun kurashadi. Shuni aytish joizki, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev saʼy-harakatlari bilan 1921-yil 11-martda oʻzbek tiliga “Davlat tili” maqomi beriladi.

1921-1922-yillarda Moskvadan turib Buxoro Jumhuriyatining ichki ishlariga aralashish kuchaydi. Buxoro milliy armiyasi RSFSR Inqilobiy harbiy kengashi qoʻmondonligiga boʻysundirildi. Bu davrda Sharqiy Buxoroda rus bolsheviklariga qarshi istiqlolchilik harakati avj olgan edi. Sovet rahbarlari ozodlik uchun kurashuvchilarni tinchitish, oz boʻlsada, vaqtdan yutish maqsadida Usmon Xoʻja Poʻlatxoʻjayev singari obroʻ-eʼtiborli BXSHJ hukumati aʼzolaridan foydalandilar.

1922-yil 22-yanvarda Buxoroda “Favqulodda diktatorlik komissiyasi” tuzilganidan va 1-fevralda harbiy holat eʼlon qilinganidan soʻng vaziyat yomonlashib, endi Buxoroda hech qanday toʻsiqsiz istalgan shaxsni qamoqqa olish, mamlakatdan haydab yuborishga ruxsat berilgandi. Taʼkidlash joizki, Buxoro Jumhuriyatining milliy mustaqilligini tiklash uchun hukumat bilan istiqlolchilar oʻrtasidagi ittifoq zarurligini anglab yetgan shaxslardan birinchisi ham Usmon Xoʻja Poʻlatxoʻjayev edi. 

Tarixiy adabiyotlarda Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev Buxoro Jumhuriyati hukumatini tark etib, Anvar posho tomoniga oʻtib ketganligi qayd qilinadi. Lekin uning kelajakdagi niyatlaridan biri Afgʻoniston hududiga oʻtib, inglizlardan harbiy yordam olish evaziga Buxoro milliy armiyasini tuzib, mustaqillikni tiklash boʻlgan. 1922-yilda Fayzulla Xoʻjayevning “Vaziyat yomon, qaytib oʻtirmang!” deb bergan koʻrsatmasidan soʻng Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev bir umrga Vatandan yiroqda, xorijda qolib ketgandi.

1923-yilning yozida xorijiy mamlakatlardagi muhojir turkistonliklarni birlashtirish va milliy harakatlarni davom ettirish uchun Qobul yaqinida maxsus yigʻilish boʻlib oʻtadi.

Ushbu kengashda Abdulhamid Oripov Afgʻonistonda qolib ishni davom ettirishi, Hoshim Shoyiq Yoqubov Yaponiyaga yoʻl olishi, Mufti Sadriddinxon va Turobbek Eronga borishi, Usmon Xoʻja esa Turkiyaga qarab yoʻlga chiqishiga kelishiladi.

Ayrim maʼlumotlarda Usmon Xoʻja Afgʻoniston hududiga oʻtganidan soʻng, 1923-yilda uni afgʻon amiri Omonullaxon oʻz huzuriga chorlab Usmon Xoʻjani eʼtiborli shaxs va vatanparvar inson sifatida hurmat qilishi, lekin sovetlar tazyiqi tufayli 2-3 kun ichida Afgʻonistondan chiqib ketishi bilan bogʻliq oʻz talabini qoʻyadi, kabi fikrlar keltiriladi. Sovet maxsus idoralarining qatʼiy nazorati ostida boʻlgan Usmonxoʻjani chegaraga yaqin mamlakat hududida yashashini Covet hukumati hech qachon istamagani tabiiy hol albatta.

1923-yilning oʻrtalaridan boshlab Turkiya davlatida Usmonxoʻjaning muhojirlikdagi hayoti boshlangan. Turkiya Jumhuriyati hali tashkil topmagan, biroq Anqarada “Turkiya muvaqqat hukumati” faoliyat olib borayotgan, turk xalqining milliy qahramoni Mustafo Kamol Otaturk ushbu hukumat rahbari edi.

Shuni aytish joizki, Mustafo Kamol darbadar boʻlib Vatanidan ajralgan turkistonliklar uchun ikkinchi Vatan - Turkiya boʻlishini tabiiy hol sifatida qabul qilgan. Uning ota-bobolar yurti boʻlgan Turkistonga mehr-muhabbati ham oʻzgacha edi. Keyinchalik uning qabr toshiga: “Biz ham Turkistonning jujuqlarimiz” - satrlari bitib qoʻyilganligi gapimizning isbotidir.

Kezi kelganda taʼkidlash joiz boʻlardiki, 1930-yillarda shoʻro hukumati talabi bilan Afgʻonistondagi oʻzbek muhojirlariga nisbatan jabr-zulm oʻtkaziladi. Muhojir oʻzbeklar yashash sharoiti ogʻir boʻlgan, yozda oʻta issiq, garmsel esib turadigan Xelmand viloyatiga majburan koʻchiriladilar. Bu viloyatda yozda havo harorati 70 daragacha qizib ketardi. Buning natijasida minglab turkistonliklar, ayniqsa, keksalar va bolalar bevaqt hayotdan koʻz yumdilar.

Ushbu vahshiyliklardan xabar topgan Mustafo Kamol Otaturk Turkiyadagi afgʻon elchisi Fayz Ahmadxonni oʻz huzuriga chorlab, “Agar yurtingizda Turkiston musulmon muhojirlari uchun joy boʻlmasa, bizga topshiring!” deb qatʼiy talab qoʻyadi. Turkiya hukumati Turkiyaga koʻchib kelgan turkistonliklarni 5 yil barcha soliqlardan ozod etadi, ularga arzon narxlarda mol-mulk, yer va chorva mollari beradi.

Usmonxoʻjani oʻz mehmonidek qabul qilgan Mustafo Kamol unga endigina shakllanib kelayotgan yosh Turkiya Jumhuriyati hukumatida masʼul vazifada ishlashni taklif etadi. Biroq, Usmonxoʻja unga bundan keyin Turkiston madaniyati masalalari bilan shugʻullanish maqsadi borligini aytadi. Mustafo Kamol Usmonxoʻjaga maʼnaviy va moddiy madad berishini aytib, unga Turkiya davlati miqyosidagi nafaqa belgilaydi. Usmonxoʻja oʻlimiga qadar oʻzi vafotidan soʻng esa ushbu nafaqani uning xotini oladigan boʻladi.

Maʼlumki, XX asrning 20-30 yillarida Oʻzbekistonda sovet hokimiyatiga qarshi mahalliy ziyolilarning milliy muxolifatchi tashkilotlari ish olib borgan.

Oʻzbek xalqi manfaatlarini himoya qilib, mustamlakachilik siyosatiga qarshi chiqqanlar, “Koʻmak (1909-1923); «Milliy ittihod (1921-1925). «Milliy istiqlol” (1922-1929); “Turkiston Milliy Birligi” (1920-1923); “Botirgapchilar”, “Temurchilar”, “Oʻn sakkizlar guruhi”, “Inogʻomovchilik”, “Badriddinovchilik”, “Qosimovchilik” kabi tashkilot va nomlar bilan atalgandi.

Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev qalam tebratib, vatanparvarlik ruxidagi sheʼrlar ham yozib, chop ettirib turardi.

Maʼrifatparvar jadidchi, koʻz yoshlarida Vatan armoni shashqator oqqan, Oʻzbek millatining fidoyi farzandi Usmonxoʻja Poʻlat Xoʻja oʻgʻli 1968-yilning 28-iyulida Turkiyaning Istanbul shahrida 90 yoshida foniy dunyoni tark etdi.

Usmonxoʻja hayot bilan vidolashar ekan oʻgʻli Temur Xoʻjani oʻz huzuriga chorlab quyidagi soʻzlarni aytadi:

“Men Senga bankda pul qoldirayotganim yoʻq, baland qasrlar, hosildor yerlar ham qoldirayotganim ham yoʻq, Seni suyab yuradigan ham opa-uka qoldirmadim, faqat hamisha yodingda tutishing uchun Vatan hasratini qoldirdim”

Miraʼzam Hamrayev,
Bojxona xizmati polkovnigi