Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Men o‘zga bir Majnunning Laylisiman”
13:08 / 2024-12-29

Mumtoz adabiyotimiz tarixida o‘zining ijodi bilan yorqin iz qoldirgan shoiralar talaygina. Ularning qatoriga Uvaysiy, Nodira, Anbar Otin, Dilshodi Barno, Qambariniso, Samar Bonu singari shoiralarni kiritish mumkin.

Ular o‘z davrining yetuk va bilimdon ayollari sanalib, betakror, ko‘ngilga yaqin, shuningdek, badiiy jihatdan mazmunli va ta’sirli ijod namunalari bilan adabiyot ixlosmandlarining qalbidan mustahkam joy egallagan. Ayniqsa, Marhamat (Mingtepa)da yashab, qalam tebratgan shoira Samar Bonu o‘ziga xos ijodi, mashaqqatli hayot yo‘li, yoriga bo‘lgan sadoqati, bilimi, yuksak ma’naviyati, qat’iyati bilan asrlar osha avlodlarga namuna bo‘lib kelayotgan ijodkorlardan biri sanaladi.

O‘zbek adabiyotining ilg‘or vakilalaridan biri Samar Bonu 1837 yilda O‘sh shahrida tavallud topadi. U o‘qish, yozishni oilasida o‘rganadi. Unga o‘z davrining yetuk bilimli otinoyilari tahsil beradi. Otasi Mavlaviy Sirojiydan din, falsafa va she’riyat nazariyasidan saboq oladi. Mashhur shoir Huvaydoning chevarasi bo‘lgan Samar Bonuning she’riyatga, ijodga ixlosi, qiziqishi baland bo‘lgan.  

Samar Bonuni ko‘plar O‘sh shahrida yashab, ijod qilgan shoira sifatida biladi. Biroq u O‘shda tug‘ilib, voyaga yetgan bo‘lsa-da, o‘n sakkiz yoshidan umrini oxirigacha Mingtepadagi O‘qchi qishlog‘ida yashab, ijod qiladi.  

Samar Bonu otasining shogirdi mingtepalik bog‘bonning o‘g‘li Sharifjonga ko‘ngil qo‘yadi. Ammo eshon avlodidan, yuqori tabaqa vakili bo‘lgan shoiraning otasi Sirojiy ularning nikohiga rozilik  bermaydi. Lekin qizi sevgisi uchun kurashadi, hayotini o‘zi sevgan inson bilan bog‘lashni ixtiyor etadi.  

Samarbonu hayotning og‘ir sinovlaridan, o‘zi yashagan davr adolatsizliklaridan faryod cheksa-da, hayotda o‘zini yo‘qotmaydi. Ana shu adolatsizliklarga qarshi tura oladi, jasorat ko‘rsatadi. Ayniqsa, oila qurish bobida qiz bolaning erki, inon-ixtiyori o‘zida bo‘lmagan bir davrda otasiga: "Men o‘zga bir Majnunning Laylisiman" deb ayta olganligi o‘sha davr ayoli uchun chinakam jasorat edi.

Keyinchalik shoira beayov, bevafo qismatga ham bor kuchi, ovozi bilan oqilalik ila javob qaytaradi.

Shoira 18 yoshida mingtepalik Sharifjonga turmushga chiqadi, O‘qchi qishlog‘iga keladi. Oradan bir yil o‘tmasdan Sharifjon fojiali vafot etadi. Bonu 19 yoshida qo‘lida chaqalog‘i Zahiriddin bilan yolg‘iz qoladi. Shoira umrining oxiriga qadar turmush o‘rtog‘iga, muhabbatiga sodiq qolib, qayta turmush qurmaydi, otasi xonadoniga qaytib ketmaydi, qiyinchiliklar bilan hayot kechirsa-da, sadoqatning timsoli bo‘lib yolg‘iz yashaydi.

Shoira Samar Bonu hayotining asosiy qismini Marhamatda, O‘qchi qishlog‘ida o‘tkazadi. Hozirda ushbu qishloqda uning avlodlari yashab keladi.  

Bu haqda “Mingtepa-madaniy meros” jamoat fondi rahbari, Samar Bonu ijodining fidoyi targ‘ibotchisi Ortiqali Xusanovning “Samar Bonu” nomli kitobida keng ma’lumotlar keltirilgan.  

Shoira Samar Bonu haqida adabiyotshunos olim To‘xtasin Jalolovning “O‘zbek shoiralari” (1959), “Bonu” (1963) va “Go‘zallik  olamida” (1979) nomli kitoblarida batafsil ma’lumotlar berilgan.  

Avlodlarining ta’kidlashicha, Samar Bonu turmush o‘rtog‘ining vafotidan so‘ng bir necha yil qiyinchilikda, g‘ariblikda hayot kechiradi. Shunday bo‘lsa-da, suygan insoni Sharifjonning uyidan, u dafn etilgan qishloqdan ketmaydi. Xususan, shoira g‘azallaridan birida: “Sharifim sarri poyidin o‘zum jo‘kurmadim hargiz…” deydi. Ya’ni Sharifi (umr yo‘ldoshi) o‘ldirilganda ham uning poyidan (dafn qilingan qishloqdan) hech qayerga ketmaganligini bayon etadi.  

Sohibi devon shoira Samar Bonu ijodi XIX asr o‘zbek adabiyotining yorqin namunalaridan biri hisoblanadi. Uning ijodida shaxsiy hayotidagi qiyinchiliklar, o‘zining achchiq qismati, g‘ariblikda o‘tkazgan hayoti tasviri keng o‘rin olgan.

Men g‘arib, Bonu g‘arib, otim g‘arib, zotim g‘arib,

Bu g‘ariblikda yurubman kahrabodek sarg‘arib.

Sarg‘ayib bir soddadil bechoraman, holim xarob,        

Pur jafo-u, pur alam, g‘amgin erurman muztarib.

....

Yoribon bo‘lmas tufayli, dard bo‘lg‘ondur dilim,  

Koshki oqsa g‘ariblikda yurak-bag‘rim erib.

Erib oqti Bonuyo, ikki ko‘zungdin daryolar,                

Yo‘q bo‘lursan bora-bora rangu ro‘y ham tan sizib.

Shu bilan birga, shoira ijodida ilm-ma’rifatga intilish, ishq-muhabbat, yuksak insoniy tuyg‘ular ham keng tarannum etiladi.  

Ham she’riyat, ham din ilmini mukammal egallagan shoira Qul Xoja Ahmad, Shams Tabriziy, Xoja Hofiz, Alisher Navoiy, Mashrab, So‘fi Olloyor, Huvaydo singari ulug‘ ijodkorlarning ijodiy an’analarini chuqur o‘rganib, munosib davom ettiradi.  

Shoira ijod bilan birga otinoyilik qiladi. Otasi vafotidan keyin ukasi Salohiddin Sohib bilan aloqalarini tiklaydi. Uning ko‘magida hovlisiga yangi imoratlar quradi, qizlar maktabini tashkil etadi.  

Samar Bonu o‘zi tashkil etgan maktabda qizlarga qur’ondan, hadisdan, din ilmidan, she’riyatdan saboq bergan. Qolaversa, maktabda o‘z davrining ilmli ayollari ishtirokida mushoiralar, ilmiy, diniy suhbatlar doimiy ravishda o‘tkazib turilgan.   

Samar Bonu tarixda nafaqat shoira, balki o‘ziga xos o‘qitish uslubini yaratgan, qizlar o‘qiydigan maktabni tashkil etgan murabbiy sifatida ham iz qoldirgan.  

Qizlar maktabida darslar arab tilidan tashqari, turkiy va fors-tojik tillarida olib borilgan. O‘quvchi qizlarga “Xaftiyak”, “Choxor” kitoblari o‘qitilgan. Bundan tashqari, Alisher Navoiy, Fuzuliy, Hofiz, Mirza Bedil, Huvaydoning ijodi, asarlari o‘rgatilgan.  

Samar Bonu shogirdlari – o‘quvchi qizlar bilan hamisha samimiy munosabatda bo‘lgan. Ularga atab alohida g‘azal ham yozgan:

Menga shogird bo‘lubsizlar, necha qimmat baho qizlar,

Bari bir-biridan ortuq, farosatli, raso qizlar.

Saodat axtari birlan tug‘uldi yaxshi soatda,

Tamomi insu jinsdin ham paridin purhayo qizlar.

Samar Bonu yolg‘iz o‘g‘li Zahiriddinni o‘qitib, olim qilib voyaga yetkazadi. U 1891 yilda Mingtepaning O‘qchi qishlog‘idagi o‘z xonadonida vafot etadi. Vasiyatga asosan u O‘shdagi avlodlari mangu qo‘nim topgan Sarmazor qabristoniga dafn etiladi.  

Faxriddin Ubaydullayev,

Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA